O‘zbekiston | 18:23 / 01.08.2015
5695
6 daqiqa o‘qiladi

Yangi tramvay liniyasi Tibbiyot akademiyasini "Rohat" bekati bilan bog‘laydi

“Toshshahartransxizmat” AK joriy yilning 1 avgustidan e'tiboran “Toshkent tramvayi” Unitar korxonasiga tegishli, Qo‘yliq markazidan TTZgacha bo‘lgan yo‘nalishda qatnovchi 13 tramvayning “Toshkent” vokzalidan TTZgacha bo‘lgan qismi qisqartirilayotganini ma'lum qilgan edi.

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu yo‘nalishning umumiy uzunligi 21,6 kilometrni tashkil etib, Traktorsozlar mavzesidan Yuzrobot, Mirzo-Ulug‘bek, Feruza ko‘chalari orqali, Kichik halqa yo‘liga chiqib, Shimoliy vokzalgacha, so‘ng Mehrjon ko‘chasi bo‘ylab Farg‘ona yo‘li ko‘chasidan Qo‘yliq markazigacha bo‘lgan 21,6 kilometr oraliqda harakatlanardi.

Mutaxassislar tomonidan ko‘p bora o‘rganishlar natijasida mazkur yo‘nalishning aynan qisqartirilayotgan qismining ham harakat xavfsizligi, ham korxonalarning iqtisodiy samaradorligi va boshqa omillar qiyoslab chiqilgan.

Qayd etilishicha, ushbu yo‘nalish Toshkent shahrini Toshkent viloyatining tog‘li tumanlari bilan bog‘lovchi yildan-yilga transport oqimi kuchayib borayotgan yo‘nalish hisoblanadi.

"Ushbu yo‘nalishda ayniqsa, shanba-yakshanba kunlari hamda kunning ayni tig‘iz paytida harakatlanish tobora qiyinlashib bormoqda. Qolaversa, ushbu yo‘nalishda Toshkent viloyatining Chirchiq shahri, Qibray, Bo‘stonliq tumanlari bo‘yicha katta yo‘lning rekonstruksiya qilinishi, kengayishi ham bugungi kunning dolzarb masalalaridan hisoblanadi", deyiladi “Toshshahartransxizmat” AK xabarida.

“Toshshahartransxizmat” rahbarining aytishicha, bunday qarorning qabul qilinishiga tramvaydan foydalanishning o‘zini iqtisodiy tomondan oqlamaganligi ham sabab bo‘lmoqda.

“Tramvayda odam tashishning tannarxi hozirgi 1000 so‘m narxdan 2,5 barobardan ko‘proqni tashkil qiladi. Ya'ni odamlar ziyon ko‘rmasligimiz uchun 2,4-2,6 ming so‘m to‘lashlari kerak. Bu borada avtobus bilan tashishlar 1,5 barobar arzonroqqa tushadi, shuning uchun 31 iyuldan “TTZ – Toshkent vokzali” yo‘nalishi bo‘yicha yangi 14-raqamli avtobusni kiritishga qaror qilindi. Bu yo‘nalish olib tashlangan tramvay liniyasini takrorlaydi. Hozirda ushbu yo‘nalish bo‘yicha 7-8 daqiqalik interval bilan 12ta avtobus harakatlanmoqda, zarurat paydo bo‘lganda avtobuslarning miqdori oshirilishi va intervallar qisqartirilishi mumkin”, deydi “Toshshahartransxizmat” boshqaruv raisi Otabek Sodiqov.

Uning ma'lum qilishicha, Toshkentda ishlab chiqarish, sanoat tobora rivoj topayotgan hududlarda aholining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda kompaniya faoliyatini kuchaytirish talab etilmoqda.

Bugungi kunda sobiq Toshkent Aviatsiya zavodining hududida 7-8 ming nafardan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilib, minglab toshkentliklar bu yerda faoliyat ko‘rsatishmoqda. Toshkent Motor zavodini zonasi hududida qariyb o‘n mingga yaqin ishchi-xizmatchilar faoliyat yuritishmoqda.

Ushbu real talab va ehtiyojni hisobga olgan holda Toshkentda yangi tramvay yo‘llarini qurish va mavjudlarini o‘zgartirish (demontaj qilish) bo‘yicha ham jadal ishlar olib borilmoqda.

“Taraqqiyot” ko‘chasidan “Ohangaron” shossesigacha 3,0 kilometrlik yangi tramvay yo‘lini qurish va uni Aviasozlar bekatidan “Rohat” bekatigacha mavjud bo‘lgan 5,0 kilometrlik tramvay yo‘li bilan ulash shular jumlasidandir.

"13 – sonli tramvay yo‘nalishining qisqartirilishi munosabati bilan yo‘nalishlardagi yo‘lovchilar oqimi o‘rganildi. Yo‘lovchilarning talabini qondirish maqsadida qisqartirilayotgan yo‘nalish qismiga transport xizmati ko‘rsatish maqsadida yangi 14-sonli “TTZ – Toshkent vokzali” avtobus yo‘nalishi tashkil qilindi. Yo‘nalishda “Mercedes- Benz Low Floor” rusumli 12 ta avtobus 7-8 minutli interval bilan harakatlanib, aholiga xizmat ko‘rsatmoqda", Otabek Sodiqov.

Bundan tashqari, bugungi kunda 13-sonli tramvay yo‘nalishini takrorlovchi quyidagi 8 ta avtobus yo‘nalishi mavjud:
“1 A” yo‘nalishida 10 ta avtobus harakatlanib, A.Yugnakiy mavzesidan Markaziy univermaggacha (TsUM) bo‘lgan oraliqda xizmat ko‘rsatadi;
“16 A” yo‘nalishida 10 ta avtobus harakatlanib, Traktorsozlar mavzesidan Toshkent vokzaligacha bo‘lgan oraliqda xizmat ko‘rsatadi;
“17 A” yo‘nalishida 13 ta avtobus harakatlanib, A.Yugnakiy mavzesidan Chorsu savdo markazigacha bo‘lgan oraliqda xizmat ko‘rsatadi;
“24 A” yo‘nalishida 12 ta avtobus harakatlanib, Traktorsozlar mavzesidan Yunusobod 6 mavzegacha bo‘lgan oraliqda xizmat ko‘rsatadi;
“83 A” yo‘nalishida 8 ta avtobus harakatlanib, Yunusobod 6 mavzesidan Oqqo‘rg‘on dahasigacha bo‘lgan oraliqda xizmat ko‘rsatadi;
“96 A” yo‘nalishida 9 ta avtobus harakatlanib, Yunusobod 9 mavzesidan Istiqlol ko‘chasigacha bo‘lgan oraliqda xizmat ko‘rsatadi;
“110 A” yo‘nalishida 9 ta avtobus harakatlanib, Traktorsozlar mavzesidan Qo‘yliq 9 mavzesigacha bo‘lgan oraliqda xizmat ko‘rsatadi;
“129 A” yo‘nalishida 11 ta avtobus harakatlanib, Yunusobod 17 mavzesidan Aviasozlar bozorigacha bo‘lgan oraliqda xizmat ko‘rsatadi.

"13-tramvay qatnovining bir qismi olib tashlanishi hamshaharlarimizga katta noqulaylik tug‘dirmasligi uchun barcha choralar ko‘riladi. Shuningdek, kompaniya mazkur yo‘nalishda hali o‘rganishlarni davom ettiradi va talab va ehtiyojlarni ro‘yobga chiqarib boraveradi", deya shaharliklarni ishontiradi Otabek Sodiqov.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish