19:32 / 02.08.2015
6255

Blogerlar Rossiya prezidenti matbuot kotibini qimmatbaho soat taqib olgani uchun tanqid ostiga oldi

1 avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Sochida Tatyana Navka bilan nikohdan o‘tdi. Tadbirda tushirilgan fotosuratlarda blogerlar Peskovning qo‘lidagi qimmatbaho soatga e'tibor qaratishdi hamda uning “halol yo‘l” bilan sotib olinganligiga shubha bildirishdi.


Gap shundaki, ushbu soatning narxi Peskovning to‘rt yillik daromadiga tengdir.
Bir muddatdan so‘ng Peskov RBKga bergan intervyusida ushbu soatni unga rafiqasi Navka to‘y kuni sovg‘a qilganligini aytdi.
“Bu Tanyaning sovg‘asi. Darhaqiqat, soat juda qimmatbaho. Lekin u ayrim do‘stlarimiz aytganidan birmuncha arzonroqdir”, – dedi u.
Shuningdek, Peskov rafiqasi ushbu soatni o‘z puliga sotib olganligini ta'kidladi.
Suratdagi soat Richard Mille RM 052 Tourbillion Skull’ga o‘xshatilmoqda. Uning narxi 9 mln rubldan 23 mln rublgacha (385 ming dollar) bo‘lishi mumkin.
Aleksey Navalniyning korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi Peskovning qo‘lidagi soat cheklangan adadda 30 dona chiqarilganligini aniqladi. Bunday partiyaning narxi 620 ming dollarni tashkil qiladi, bu Rossiya milliy valyutasida 37.8 mln rubl demakdir. Ayni paytda, Peskovning 2014 yilgi daromad deklaratsiyasiga ko‘ra, uning yillik daromadi 9.1 mln rublni tashkil qiladi.
Bundan tashqari, ayrim blogerlarning ta'kidlashicha, ushbu soat 2014 yili Peskovning qizi Instagramda chop etgan rasmda ham qayd qilingan. 2014 yil qishida Sochi olimpiadasi chog‘ida Peskov Navka bilan tushgan suratida ham shunga o‘xshash soat bor edi.

Top