17:13 / 02.08.2015
2850

O‘zbek-Frantsuz arxeologik ekspeditsiyasining tashkil etilganligiga 10 yil bo‘ldi

2005 yili Fransiya tashqi ishlar va xalqaro rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan Markaziy Osiyo neoliti bo‘yicha arxeologik ekspeditsiya (MAFANAK) 28 iyul kuni Samarqanddagi Yahyo G‘ulomov nomidagi arxeologiya institutida 10 yilligini nishonladi.
Ayni paytda ekspeditsiyaga Fransiyaning CNRS-UMR 7041 ilmiy tadqiqot markazi xodimi Frederik Bryune va arxeologiya instituti xodimi Muhiddin Xo‘janazarov boshchilik qilmoqda.
Tadbirda missiyaning uch nafar vakili – Gurgen Davityan (CNRS-UMR 7264 muhandis tadqiqotchisi), Hikmatulla Hoshimov (arxeologiya instituti) va Letitsiya Mundutegi (arxeologiyada chizish texnikasi bo‘yicha mutaxassis), shuningdek, institut direktori Amriddin Berdimuradov, doktorantlar, xalqaro Markaziy Osiyo tadqiqotlar instituti (IICAS-UNESCO) direktori Pilo Park, Afrosiyob muzeyi direktori Samariddin Mustafoqulov hamda SamDU arxeologiya o‘qituvchilari Nona Avanesova va Normuhammad Holmatovlar ishtirok etishdi.
Ekspeditsiya vakillari ishtirokchilariga o‘zlari shu yillar mobaynida olib borgan ishlar bo‘yicha ma'ruzalar qilib berishdi. Shuningdek, ekspeditsiya bundan buyon Markaziy Osiyoda Fransiya arxeologiya ekspeditsiyasi (MAFAK) deb atalishi haqida axborot berib o‘tildi.
Eslatib o‘tamiz, ekspeditsiya m. av. VII-VI ming yilliklarga oid Kaltaminor arxeologik madaniyatini tadqiq etish bilan shug‘ullangan. Tadbirda ushbu madaniyat yodgorliklaridan topilgan ashyolar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Top