Sport | 07:26 / 03.08.2015
2187
2 daqiqa o‘qiladi

Istomin Gshtaaddagi turnirning juftliklar bahsida bosh mukofotni qo‘lga kiritdi

Shveytsariyaning Gshtaad shahrida tennis bo‘yicha “Suisse Open Gstaad” turniri o‘z yakuniga yetib bormoqda. Ushbu musobaqada ishtirok etgan o‘zbekistonlik tennischi Denis Istomin juftlik bahsida g‘alaba qozonib, bosh mukofotga ega chiqdi.

Belaruslik sherigi Aleksandr Buriy bilan bahslarga kirishgan O‘zbekistonning birinchi raketkasi finalda avstriyalik Oliver Marax va pokistonlik Aysam-ul-Haq Qureyshi juftligiga qarshi kortiga chiqishdi.

Bu o‘yinda 3:6, 6:2, 10:5 hisoblari qayd etildi va O‘zbekiston hamda Belarus vakillaridan iborat juftlik g‘alaba qozondi.

Ma'lumot uchun, ATP World Tour 250 turkumidagi bu turnirning mukofot jamg‘armasi 440 ming yevrodan iborat edi. Yakkalik bahslari g‘olibi 80 ming, juftlik bahslarida g‘alaba qozongan tennischilarga esa 24,800 yevrodan beriladi. Shuningdek, g‘oliblar 250 reyting ochkosiga ega bo‘lishadi.

Shu tariqa, Istomin ATR turnirlaridagi uchinchi tituliga ega chiqdi, Buriy uchun esa bu birinchi sovrin bo‘ldi.

Denis Istomin bu g‘alaba orqali juftliklar reytingida birdaniga 70 pog‘ona yuqoriladi va 112 o‘ringa joylashdi. Uning yakkalik reytingidagi o‘rni esa 71 o‘rin hisoblanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish