16:39 / 03.08.2015
2825

Kasaba uyushmalari xotin-qizlar manfaatlariga e'tibor qaratmoqda

Kasaba uyushmalari xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlariga alohida e'tibor qaratmoqda. Bu O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan tahririyatga yo‘llangan matbuot xabarnomasida ta'kidlab o‘tildi.

“Xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va unga a'zo tashkilotlar faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu jarayonda albatta, davlat korxonalarida mehnat qilayotgan xotin-qizlar bilan bir qatorda nodavlat sektorida faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlarga ham alohida e'tibor qaratilmoqda”, – deyiladi xabarnomada.

Kasanachi ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy himoyasi yo‘nalishida kasaba uyushmalari tomonidan olib borilayotgan sa'y-harakatlar bir qator korxonalar misolida keltirib o‘tildi.
Jumladan, “Farg‘ona neftni kayta ishlash zavodi” UKda 546 nafar kasanachilar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularning 526 nafarini ayollar tashkil etadi. Kasanachilar bilan mehnat shartnomasi tuzilib, ularga mehnat daftarchalari ochilgan. Kasanachi ayollarga korxonaning jamoa shartnomasida belgilangan barcha imtiyozlar qo‘llaniladi. Xususan, ular uchun 15 ish kunidan kam bo‘lmagan muddatdagi mehnat ta'tili belgilangan. Homilador ayollar 5 oylik muddatda o‘rtacha oylik ish xaqi saqlangan xolda tug‘ish oldi ta'tiliga chiqariladi. Farzand tug‘ilganda O‘zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam ish haqining 5 barobari miqdorida suyunchi puli beriladi.

“Farg‘onaazot” AJning 2015-2017 yillarga tuzilgan jamoa shartnomasida ayollar uchun kasanachilik mehnati joriy qilinishi belgilab qo‘yilgan. Kasanachi ayollar asosan tikuvchilik yo‘nalishidagi faoliyat bilan shug‘ullanadilar.
“Navoiyazot” AJda esa 377 nafar kasanachi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularning 375 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Ular asosan tikuvchilik va to‘quvchilik bilan shug‘ullanadilar.

Joriy yilda korxonada 545 ishlovchi ayollar sanatoriy-profilaktoriyda sog‘lomlashtirilgan bo‘lsa, ularning 42 nafarini kasanachi ayollar tashkil etadi. Shuningdek, uy mehnati bilan shug‘ullanuvchi ayollarning 20 nafar farzandlarining “Oftobjon” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida dam oldirilishi ta'minlandi.
Bugungi kunda “Ammofos-Maksam” aksiyadorlik jamiyatida faoliyat ko‘rsatayotgan 136 nafar kasanachidan 102 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning tikuvchilik, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadilar.

Top