08:25 / 04.08.2015
5926

"O‘zavtosanoat" AK kompaniya faoliyati to‘g‘risida noto‘g‘ri ma'lumot tarqatgan OAVlarga murojaat qildi

«O‘zavtosanoat» AK matbuot xizmati so‘nggi vaqtlarda kompaniya korxonalari to‘g‘risida noto‘g‘ri ma'lumotlar chop etgan internet tarmoqlaridagi OAVlarga murojaat qildi.

Kompaniya murojaatida quyidagilar bayon etilgan:

"Oxirgi paytlarda internet tarmoqlarida ba'zi bir mahalliy OAVlari tomonidan, professional jurnalistika etikasini buzgan holda, O‘zavtosanoat AK tizimidagi korxonalar faoliyati va ularda bo‘lib o‘tayotgan voqealar, ayniqsa, “GM Uzbekistan” AJ to‘g‘risida mavjud bo‘lmagan manbalardan dalillar keltirgan holda, noto‘g‘ri ma'lumotlar tarqatish holatlari kuzatilmoqda. Mazkur ommaviy axborot vositalari ushbu harakatlari bilan “O‘zavtosanoat” AK va tizimdagi korxonalarning nafaqat imijiga zarar keltirmoqda, balki noma'lum shaxslarning vijdonsiz manfaatlari foydasiga iste'molchilarni chalg‘itmoqdalar.

OAVlarda noto‘g‘ri ma'lumotlar tarqatilishining oldini olish va iste'molchilarni, bunday ma'lumotlarni tarqatayotgan noma'lum shaxslarning vijdonsiz hamda noqonuniy harakatlaridan himoyalash maqsadida, barcha axborot saytlaridan, gazetalar va boshqa OAVlaridan, “O‘zavtosanoat” AK va kompaniya tizimidagi korxonalar faoliyati to‘g‘risidagi har qanday ma'lumotlarni bosib chiqarayotganda yoki boshqa saytlardan ko‘chirib olib qayta nashr qilayotganda, “O‘zavtosanoat” AKning axborot xizmati bilan maslahatlashgan holda ma'lumotlarning to‘g‘riligini diqqat bilan tekshirishingizni so‘raymiz. “O‘zavtosanoat” AK va tarmoq korxonalari faoliyati to‘g‘risidagi barcha aniq va to‘g‘ri ma'lumotlarni “O‘zavtosanoat” AKning axborot xizmati yoki rasmiy sayti www. uzavtosanoat.uz va www.chevrolet.uz orqali olishingiz mumkin".

“O‘zavtosanoat” AK va tizimdagi korxonalar mahalliy OAVlar uchun har doim ochiq va o‘zaro manfaatli hamkorlik qilishga tayyor, deyiladi kompaniyaning axborot xizmatida.

Top