Sport | 15:19 / 04.08.2015
2255
2 daqiqa o‘qiladi

Tomas Duley: Filippin Osiyoning kuchli termalariga qarshi munosib o‘ynay oladi

O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionati-2018 ikkinchi saralash bosqichidagi raqibi — Filippin terma jamoasi bosh murabbiyi Tomas Duley o‘z jamoasini Osiyoning kuchli termalariga qarshi munosib o‘yin namoyish qila oladigan qilib shakllantirganini ta'kidladi. Bu haqida "CNN Philippines"ga asoslanib, O‘zbekiston Futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Filippin terma jamoasi bilan ikkinchi yildan buyon ish olib borayotgan mutaxassis Jahon chempionati saralashida munosib ishtirok etish uchun eng to‘g‘ri tarkibni nihoyat aniqlab olganini ma'lum qildi.

Yordamchisi Dan Palami bilan birga Duley jamoaga bir necha yangi futbolchilarni jalb etgan. Ular: Lyuk Vudland, Stefan Palla, Kevin Ingreso va Muso Bahadoran. Ularning hammasi iyun oyida bo‘lgan Bahrayn va Yaman terma jamoalariga qarshi o‘yinlarda ishtirok etdi.

"Bizda har bir nuqta noyob futbolchilardan iborat ajoyib terma jamoa mavjud. Ularning idividual mahoratlari yuqori darajada", — deya o‘z shogirdlariga yuqori baho bermoqda 1998 yili Fransiyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida AQSh terma jamoasiga sardorlik qilgan Duley.

"Men futbolchilarimdan 90 daqiqa davomida o‘z imkoniyatlarini yuz foiz ishga solishlarini va jamoa manfaatlarini doim ustun qo‘yishlarini talab qilaman", — deya qo‘shimcha qildi Duley. "So‘nggi ikki o‘yin muvafaqiyatga erishish uchun bizga kerak bo‘lgan jamoani shakllantira olganimizni ko‘rsatib berdi".

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 8 sentabr kuni Filippinga qarshi safarda maydonga tushadi. Unga qadar esa 3 sentabrda Toshkentda Yaman terma jamoasini qabul qiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish