O‘zbekiston | 19:19 / 04.08.2015
9740
2 daqiqa o‘qiladi

Ustyurt gaz-kimyo majmuasi 2015 yilning sentabrida ishga tushiriladi

Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishi 2015 yilning sentabrida yakuniga yetkazilishi rejalashtirilgan, deb aytdi Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Li Uk Xon.

Xonning aytishicha, Janubiy Koreyaning ilg‘or texnologiyasi, kapitali, boy tajribasi va nou-xausi bilan birlashgan O‘zbekiston energetikasi va boy tabiiy zaxiralari O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida sermahsul hamkorlikning asosiy sohalaridan biri hisoblanadi.

Bu hamkorlikka So‘rg‘il koni negizida 4 mlrd dollarlik Ustyurt gaz-kimyo majmuasining qurilishi misol bo‘la oladi. Majmua qurilishi joriy yilning sentabrida yakuniga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Janubiy Koreya elchisining aytishicha, qo‘shma loyihalar qatoriga “Uzbekistan GTL” suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish zavodi qurilishi, Qandim gazni qayta ishlash zavodi, Tolimarjon issiqlik elektr stansiyasi va energetik zaxiralarni qayta ishlash bilan bog‘liq boshqa loyihalarni kiritish mumkin.

Ustyurt gaz-kimyo majmuasining loyihaviy quvvati yiliga 4,5 mlrd kub metr tabiiy gazni qayta ishlashni, 4 mlrd kub metr tovar ko‘rinishidagi gaz, 387 ming tonna polietilen, 83 ming tonna polipropilen va 102 ming tonna piroliz benzin ishlab chiqarishni ko‘zda tutadi. Bu majmua O‘zbekistonda qurilgan ikkinchi shunday majmua bo‘ladi. 2001 yilda O‘zbekistonda loyihaviy quvvati yiliga 125 ming tonna polietilenni tashkil qiluvchi Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi foydalanishga topshirilgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish