14:36 / 04.08.2015
2815

Xalqaro olimpiya qo‘mitasining 128-sessiyasi yakunlandi

Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida o‘tkazilgan Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ)ning 128-sessiyasi yakuniga yetdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Sessiya doirasida 2022 yilgi qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga mezbonlik qiladigan shahar ovoz berish orqali aniqlandi. XOQning 85 nafar a'zosi ishtirok etgan ovoz berish jarayoni yakuniga ko‘ra 44 nafar a'zo Pekin shahri (Xitoy) nomzodi uchun, 40 nafar a'zo esa Olma-Ota shahri (Qozog‘iston) uchun ovoz berishgan. Shu tariqa, Pekin shahri ham yozgi, ham qishki Olimpiada o‘yinlariga mezbon bo‘lgan birinchi shaharga aylandi.

Sessiya ishida, shuningdek, 2014 yili Sochi (Rossiya)da o‘tkazilgan XXII qishki Olimpiya o‘yinlari, 2016 yili Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari, 2018 yilda Pxenchxan (J.Koreya)da o‘tkaziladigan XXIII qishki Olimpiada o‘yinlari, 2020 yilda Yaponiya poytaxti Tokioda o‘tkaziladigan XXXII yozgi Olimpiada o‘yinlari, 2014 yili Xitoyning Nankin shahrida bo‘lib o‘tgan ikkinchi o‘smirlar yozgi Olimpiada o‘yinlari, 2016 yili Lillexammer shahri (Norvegiya)da tashkil etiladigan ikkinchi qishki o‘smirlar Olimpiada o‘yinlari va nihoyat, 2018 yili Argentinaning Buenos-Ayres shahri mezbonlik qiladigan uchinchi yozgi o‘smirlar Olimpiada o‘yinlarining muvofiqlashtirish komissiyasi hamda tashkiliy qo‘mita a'zolarining ma'ruzalari tinglandi.

Sessiyada Butunjahon sport kurashlari uyushmasi (UWW) prezidenti Nenad Lalovich va Zimbabve Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari Admire Masenda XOQning a'zoligiga saylandilar.

Bundan tashqari XOQning 14 nafar a'zosi navbatdagi sakkiz yillik muddatga qayta saylandilar.
- Monako qiroli Albert II, Monako
- Said Shohid Ali, Pokiston
- Patrik Bauman, Shveytsariya
- Valeriy Borzov, Ukraina
- Ottavio Chinkvanta, Italiya
- Naval El Mutavakel, Marokash
- Rene Fazel, Shveytsariya
- Patrik Xikki, Irlandiya
- Villi Kaltshmitt Lujan, Gvatemala
- Gunilla Lindberg, Shvetsiya
- Buyuk gersog Lyuksemburgskiy, Lyuksemburg
- Rita Subovo, Indoneziya
- Irena Shevinska, Polsha
- Ching-Kuo Vu, Tayvan

Milliy olimpiya qo‘mitasi assotsiatsiyasining bosh kotibi Gunilla Lindberg XOQ ijroqo‘m a'zoligiga navbatdagi muddatga saylandi.

XOQning 129-sessiyasi 2016 yil avgust oyida Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkaziladi.

Top