O‘zbekiston | 13:35 / 05.08.2015
3875
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yaqin orada kuchli yer silkinishlari kuzatilmaydi

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi seysmologiya instituti direktorining fan bo‘yicha o‘rinbosari Ahmadjon To‘ychiyev Gazeta.uz saytiga bergan ma'lumotida yaqin oylar ichida mamlakatda kuchli zilzilalar kuzatilmasligini aytib o‘tdi.
“Institut mutaxassislari tomonidan yer qa'ri monitoringi uzluksiz tarzda olib borilmoqda. Bu ish 20 parametr bo‘yicha amalga oshiriladi. Mamlakatda 50ta seysmik stansiya ishlamoqda, ular silkinishlarni qayd qilib boradi. Shuningdek, 12ta kompleks stansiyalari bor. Ayni kunda seysmik faollikning oshganligi haqida hech qanday ma'lumot yo‘q”, – dedi To‘ychiyev.
“O‘zbekiston har doim zilzilalar bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladigan hududda joylashgan. Ammo hozirgi vaqtda xavotirlanishga sabab yo‘q”, – ta'kidladi u.
3 avgust kuni Qirg‘iziston favqulodda xizmatlari mamlakat seysmologiya institutiga tayangan holda joriy yilda butun mamlakat bo‘ylab seysmik xavf oshib borishi haqida axborot bergan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish