Sport | 16:18 / 06.08.2015
2118
2 daqiqa o‘qiladi

Arshavin rossiyalik murabbiylarni qo‘rqoqlikda aybladi

Yangi mavsum arafasida "Kuban" jamoasi futbolchisiga aylangan Andrey Arshavin sharhlovchi Gennadiy Orlov yozgan kitobi uchun qilgan suhbatida rossiyalik futbol murabbiylariga ishonmasligi haqida aytib o‘tgan. Bu kitobdan parchalar «Sovetskiy sport» nashrida chop etilgan.

"Men rus murabbiylarga butkul ishonchsiz munosabatdaman. Men ko‘rgan rossiyalik murabbiylarning barchasi raqibdan qo‘rqishar va shunga yarasha uslub tanlashardi. Ularning qo‘rqoqligini futbolchilar sezib turishadi. Bundaylar o‘yinchi almashtirishda va uslubni o‘zgartirishda o‘z qo‘rqoqliklarini ko‘rsatib qo‘yishadi", deydi Arshavin.

Arshavin rossiyalik murabbiylarga gollandiyalik mutaxassis Dik Advokatni namuna sifatida ko‘rsatib o‘tgan. U bu murabbiy rahbarligida "Zenit"da (2006-2008) hamda Rossiya terma jamoasida (2010-2012) o‘tkazgan davrini eslaydi va murabbiy hech qachon o‘yinlarda raqibdan qo‘rqmaganini e'tirof etadi.

34 yoshli Arshavin futbolchilik faoliyatining asosiy qismini "Zenit" va "Arsenal" jamoalarida o‘tkazdi. Shu yilning 13 iyulida u erkin agent maqomida "Kuban" jamoasi safiga kelib qo‘shildi. "Kuban"ni ayni damda rossiyalik murabbiy Dmitriy Xoxlov boshqaradi.

Arshavin Rossiya chempionatining yangi mavsumida o‘tkazilgan 2 turidan bittasida maydonga tushib, 84 daqiqagacha harakat qildi va sariq kartochka oldi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish