Jamiyat | 14:16 / 06.08.2015
48451
9 daqiqa o‘qiladi

Fatvo: Musibat yetgan xonadon ahliga ta'ziya bildirish va ba'zi marosimlar odobi haqida

Ma'lumki, musulmon kishisining ikkinchi bir musulmonga nisbatan ma'lum haq-huquqlari bor. Chunonchi, Rasuli akram (sollallohu alayhi vasallam) bir hadisi shariflarida marhamat qiladilarki:

"Har bir musulmonning zimmasida ikkinchi musulmon birodariga nisbatan oltita burchi bordir: uchrashganda salom berish, mehmonga chaqirsa borish, maslahat so‘rasa yaxshi maslahat berish, aksirib hamd aytsa unga duo bilan javob qaytarish, betob bo‘lib qolsa ko‘rgani borish va vafot etsa janoza va dafnida qatnashish”.

Demak, mo‘minlardan bir kishi qazoi qadari yetib vafot etsa, janozasida hozir bo‘lish mazkur burchlardan biridir. Vafot etgan kishining yaqinlari va qarindoshlariga ta'ziya bildirib, Allohning hukmiga rozi bo‘lish, musibatga sabr qilish haqida nasihatlar aytish va marhumga mag‘firat so‘rab xolis duo qilish ta'ziyaning odoblaridandir.

Shariatimiz ta'limoti vafot etgan kishi dafn qilingan kunidan boshlab uzog‘i bilan uch kunga qadar aza (motam) tutishga ruxsat beradi. Shu kunlari janozaga kelaolmaganlar musibat yetgan xonaga yoki ta'ziya xonaga kelib vafot etgan kishining yaqin qarindoshlariga ta'ziya bildirishlari mumkin. Mashhur fatvo kitoblaridan “Al-fatovo al-Olamgiriya”da shunday deyilgan: “Shu uch kun ichida mayyit chiqqan xonadonda ovqat qilinmaydi. Ta'ziya bildirishga kelgan odamlarga dasturxon yozilmaydi, ziyofat berilmaydi. Musibat yetgan xonadon ahli qayg‘uli bir holatda turganda mehmonlarga qarash, ularga osh-non tortish musibat ustiga musibatdir”.

Hazrati Ali (roziyallohu anho)ning birodari Ja'far ibn Abi Tolib “Mu'ta” jangida shahid bo‘lganida oilasi g‘oyatda kuyunib aza tutishgan. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) atrofdagilarga qarab: “Ey qo‘shnilar, Ja'far oilasiga taom qilib chiqaringlar, chunki ularning boshlariga shunday musibat tushdiki, ular taom haqida o‘ylashlariga imkoniyatlari yo‘q”, - deb marhamat qilganlar. (Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilganlar).

Bizlarning yaxshi odatlarimizdan biri, musibat yetgan xonadon qo‘shnilari isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymagan holda darhol taom qilib chiqarishadi. Bu sunnatga muvofiq odatdir. Taom musibat yetgan xonadon ahli va uzoqdan kelgan mehmonlar uchun tarqatiladi. Zarur bo‘lganda xonadon ahli o‘zlari uchun taom tayyorlashlari ham mumkin.

Musibatxonadagi odoblardan yana biri, ovozni baland qilib gaplashish, hazillashish va kulish joiz emas. Zero, aza bor joyda bu kabi ishlar ham diniy, ham insoniylik jihatidan nomaqbuldir. Shuningdek, musibat egalaridan hol-ahvol so‘ralganda kulib emas, balki musibat Allohning irodasi ekani va unga sabr qilish lozimligi haqida so‘zlanadi. Ta'ziyani har qanday tasalli berguvchi so‘z bilan bildirsa bo‘ladi, Lekin, ba'zi ulamolarning aytishicha eng yaxshi ta'ziya so‘zi “Alloh vafot qilganlarni mag‘firat qilib, o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin va sizga sabr-bardosh bersin” – deyishdir. Bundan boshqacha har kim o‘zi bilgan so‘z bilan ko‘ngil so‘rasa ham bo‘ladi. Ta'ziya aytishdan asosiy maqsad, musibat yetganlarning qayg‘ularini biroz bo‘lsada yengillashtirishdir.

Hozirgi vaqtda ko‘p tarqalgan xurofiy odatlardan biri shulki, payshanbalik, yakshanbalik deb xudoyilar qilish va yigirmalik, qirqlik nomi bilan katta-katta qozonlarda osh damlab ko‘p mahallalardan odam chaqirib, katta marosimlar o‘tkazishdir. Bu ishlar shariatimiz buyurmagan odatlardan ekanligi fiqh va fatvo kitoblarida bayon qilingan. Bu haqda asrimiz ulamolaridan Shahobiddin al-Marjoniy “Al-Barqul vamiyz” degan kitobida: “Xalqimiz ichida tarqalgan ko‘p xudoyilar noshar'iy sadaqalardandur, undan na mayyitga va na sohibi xonaga savob bor”, deb sharhlagan.

Hozirgi vaqtda ayrim kishilar Islom ta'limotlari va shariat ahkomlarini yaxshi bilmaganlari tufayli bu marosimlarni muhim, deb bilib ularni o‘tkazishga katta e'tibor bilan qaraydilar.

Barchamiz shuni yaxshi bilishimiz kerakki, vafot etgan kishi xotirasiga bag‘ishlab qilinadigan xayr-ehsonlar mustahab amaldir. Uni shariat ta'limotiga muvofiq holda o‘tkazish shartdir. Aks holda undan bo‘ladigan ajru savobdan mahrum bo‘linadi. Ammo, oila, farzandlarga qilinadigan nafaqa bu - farz amallardan hisoblanadi. Shuning uchun ehson qilaman, deb bola-chaqaning rizqini qiyish ayni xatodir. Bordi-yu mahalla oshini yeganman, mahallaga osh bermaslikka nomus qilaman, deb boshqalardan qarz olib yoki olmasdan ham ehson qiladigan bo‘lsa, bu ayni gunohdir.

Hozirgi vaqtda musibatxonada bir emas, bir necha martalab ehsonlar qilinmoqda. Bu marosimlar ba'zi bir oilalar uchun, xususan hozirgi bozor iqtisodiga o‘tish davrida yana ham og‘irroq kechayotgani hammaga yaxshi ma'lum. (Bunday marosimlarni o‘tkazish ba'zi oilalar uchun iqtisodiy tomondan qiyinchilik tug‘dirishi musibat ustiga musibatdir).

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi quyidagi fatvoni barcha mo‘min-musulmonlar diqqat-eʼtiborlariga havola qilib, unga amal qilishlarini so‘raydi:

Musibatxonalarda payshanbalik va yakshanbalik nomi bilan qilinayotgan ehson marosimlari hech bir diniy kitoblarda yozilmagan va aytilmagan.
Mayyitni iloji boricha tezroq dafn etish lozim. Mayyit sohiblari qarindosh-urug‘lari qayerda yashashlaridan qat'iy nazar dafn marosimiga yetib kelish imkoniyatlari mavjuddir.
Musibat yetgan xonadonda muayyan kunga bog‘lamasdan baqadri hol oila iqtisodiga zarar yetkazmaydigan holatda biror marta ehson qilib o‘tkazilsa kifoya. Uni ham ilmiy majlis tarzida o‘tkazilib, Qur'on tilovati, hadisi shariflar asosida fayzli mav'izalar qilinsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Qabr atrofini emas, balki umum qabriston atrofini mustahkam devor bilan o‘rash orqali qabristonlar hurmatini saqlash mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, nikoh to‘ylari va aqiqa kabi marosimlarni nihoyatda iqtisod va tejamkorlik bilan o‘tkazishlik shariatimiz ta'limoti ruhiga juda muvofiqdir.
Ramazon va Qurbon hayiti kunlari bayram bo‘lgani uchun bu kunlarni azaga aylantirmasdan o‘ziga munosib holda yaxshi o‘tkazish lozim. Marhumlarni yodlash va ruhlariga duoi xayr qilish joiz, lekin bu hayit bayramiga ta'sir ko‘rsatmasligi darkor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi barcha imom-xatiblarga, mahalla oqsoqollari va faollariga joylarda to‘y va boshqa marosimlarni juda ham ixcham, har bir oilaning iqtisodiy hol-qudratini e'tiborga olgan holda o‘tkazishlarida ularga tavsiya berishlariga chorlaydi.
Barcha diniy va milliy marosimlar tejamkorlik bilan, isrofgarchiliksiz o‘tkazilsin. Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda:

“Isrofgarlar shaytonning birodarlaridir” – deb ogohlantirgan (Isro surasi, 27-oyat).

“Pokizalik imon belgisidir”, - degan hadisi sharifga muvofiq bo‘ladi.
Islom shariati musulmonlarga hargiz qiyinchilikni ravo ko‘rmaydi, chunki Qur'oni karimda:

“Alloh taolo sizlar uchun bu dinda hargiz qiyinchilik yaratmadi” (Haj surasi, 78-oyat), deb aytilgan.

Boshqa bir oyatida:

“Alloh taolo hech bir bandaga qo‘lidan kelmaydigan ishlarni buyurmaydi” (Baqara surasi, 286-oyat), deyilgan. Alloh taoloning mazkur oyatlari musulmonlar diniy marosimlarini osonlik bilan o‘tkazishlari va bemalol ibodat qilishlari uchunnozil bo‘lgan.

Payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) ning:

“Vafot bo‘lganlarning yaxshi sifatlarini aytib eslanglar”, - degan muborak hadislarining ma'nosidan ham ayon bo‘lib turibdiki, vafot etgan odamni yodlashxotin-qizlar soch yulib, yoqa yirtib, ko‘kragiga urib yig‘lashemas, balki faqat uni tanigan-bilgan, qo‘ni-qo‘shnilar, yoru birodarlar va qarindosh-urug‘lar yig‘ilib duolar qilib yodlashsa kifoya.

Yuqorida zikr etilgan so‘zlar shariatimiz ko‘rsatmalaridan bo‘lib, unga amal qilmoq har bir musulmon uchun ikki dunyoda savob va mukofot hosil etishida sabab bo‘ladi, inshaalloh.

Haq taolodan marhumlarimizni mag‘firat etishini, yoshlarimizga tavfiq va hidoyatda bardavom bo‘lishlarini so‘raymiz.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Ulamolar kengashi raisi, muftiy Usmonxon ALIMOV

Manba: muslim.uz

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish