22:35 / 06.08.2015
4746

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati uchinchi yalpi majlisining ilk kuni xususiy mulkni himoya qilish haqidagi qonun qabul qilindi

2015 yil 6 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi ochildi. Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a'zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar..

Majlisni Oliy Majlis Senatining raisi N.Yo‘ldoshev ochdi va boshqardi.

Oliy Majlis Senati yalpi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalarni muhokama etish chog‘ida senatorlar ta'kidlaganlaridek, ko‘rib chiqilayotgan qonunlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Oliy Majlis Senatining 2015 yil 22 yanvarda o‘tkazilgan birinchi majlisidagi nutqida hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining 2015 yil 23 yanvarda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisidagi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 16 yanvarda bo‘lib o‘tgan mamlakatimizni 2014 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va 2015 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisidagi ma'ruzalarida bayon etilgan vazifalarning ro‘yobga chiqarilishiga ko‘maklashadi.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub'yektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni Oliy Majlis Senati yalpi majlisida senatorlar tomonidan ko‘rib chiqilgan alohida muhim masala bo‘ldi.

Majlisda ta'kidlanganidek, amaldagi qonun hujjatlariga kiritilayotgan tuzatishlar xususiy mulk va tadbirkorlik faoliyati yanada erkin rivojlanishining, tadbirkorlik sub'yektlari huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini yaratish imkonini beradi. Qonun tadbirkorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va noqonuniy aralashganlik uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini ancha kuchaytiradi.

“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan norma qonun hujjatlarida tadbirkorlik sub'yektlari uchun nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalardan foydalanish tartibini takomillashtirishga qaratilgan.

Majlisda qayd etilishicha, ana shu va boshqa yangiliklarning qonunlar darajasida mustahkamlab qo‘yilishi xususiy mulkni himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etishga, tadbirkorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun huquqni muhofaza qilish, nazorat va boshqa davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligi muqarrarligini ta'minlashga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Manba: UzA

Top