Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qoraqalpog‘istonda yangi temir yo‘llar quriladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari, Qoraqalpog‘iston iqtisodiyot vazirligi xodimlari, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi olimlari Mo‘ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning besh yillik dasturini ishlab chiqishdi. Bu borada Qoraqalpog‘istonning shimoliy tumanlarini tashqi iqtisodiy faoliyatga jalb qilish masalasiga alohida e'tibor qaratishdi.
Aytilishicha, ayni kunlarda Mo‘ynoqda xorijiy kapitalga ega to‘rtta korxona faoliyat yuritmoqda: Bridge-invest MChJ, Shuan Yuan QK, Moynag Aral Sea MChJ va Dae young licorice Moynag MChJ. Ammo tumanda mintaqalararo va xalqaro transport yo‘llar va aloqalar, shuningdek, eksportchilar yarmarkalarini tashkil qiladigan maydonlar yo‘q.
O‘zFA Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi Negmat Aimbetovning so‘zlariga qaraganda, tumanning moliyaviy ahvolini yaxshilash uchun mahalliy resurslarni qayta ishlash, amaldagi korxonalarni modernizatsiya qilish va qayta jihozlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadlarda kelajakda tuman yo‘l infrastrukturasini rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlarini o‘zaro bog‘lovchi temir yo‘l qurilishi rejalashtirilmoqda. Chimboy tuman markazidan boshlanadigan yana bir yo‘l Taxtako‘pir markazigacha borib, so‘ng Qozoqdaryo qishlog‘iga qadar yetkaziladi. So‘ngra bu ikki yo‘l birlashtirilib, Chimboy-Taxtako‘pir-Qozoqdaryo – Mo‘ynoq-Qo‘ng‘irot yo‘nalishi tashkil etiladi.