Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chiroqchida o‘tovli oromgoh tashkil etiladi
Qarshi va Shahrisabz shaharlarida joylashgan 20dan ortiq tarixiy yodgorlikda keng ko‘lamli qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Mirishkordagi Isoq ota, Kasbidagi Sulton Mir Haydar, Chiroqchidagi Langar ota, Kitobdagi Hazrati Bashir kabi ziyoratgohlar qayta chiroy ochdi. Qashqadaryo viloyatidagi 927ta madaniy meros obektini muhofaza qilish borasida izchil ishlar olib borildi. Bu haqda "Telegraf.uz" xabar berdi.
Samarqand-Shahrisabz avtomagistrali yoqasida, Chiroqchi tumanidagi Ko‘kdala qo‘rg‘onchasi hududida sayyohlik majmuasi barpo qilinishi, u yerda o‘tovli oromgoh tashkil etilishi belgilandi. Shuningdek, Muborakda, Qarshi-Buxoro avtomagistrali yoqasida sayyohlarga karvonlarda sayr qilish imkoniyati yaratiladi.
«Achinko‘l» suv havzasi atrofida ajoyib dam olish maskani va biologik buyurtmaxona bunyod etish mo‘ljallangan bo‘lib, ayni paytda baliq ovlash, skuterda sayr qilish imkoniyati yaratildi. 12 kishiga mo‘ljallangan mehmonxona va turistlar dam olish maskani qurildi. Majmua mobil aloqa markazi, quyosh batareyalari, ichimlik suvi havzasi, oshxona, 2ta kater bilan ta'minlandi. Hozirgi kunda avtomobillar to‘xtash joyi qurilishi davom etmoqda", - deydi «O‘zbekturizm» milliy kompaniyasining viloyatdagi vakili O‘ktam Xo‘jayorov.
Amalga oshirilayotgan ishlar raqamlarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Agar 2004 yilda viloyatda bor-yo‘g‘i 4ta turistik tashkilot va mehmonxona faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 24taga etgan. Mehmonxonalarning 7tasi 3, 2 tasi 4 yulduzli maqomiga ega. Agar 2004 yilda viloyatda turistlarga bor-yo‘g‘i 124,2 million so‘mlik xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, joriy yilning faqat birinchi yarmida sayyohlarga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 3 milliard 271 million so‘mdan ortiq bo‘ldi.