Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: Slutskiy Rossiya terma jamoasiga kamida 4ta o‘yinda bosh murabbiy bo‘ladi
Moskvaning TsSKA jamoasi futbolchilar ustozi Leonid Slutskiy Rossiya terma jamoasini Yevro-2016 saralashi o‘yinlarida bosh murabbiy sifatida maydonga olib tushadi. Bu haqda o‘z ishonchli manbasiga asoslanib, "R-Sport" nashri xabar bergan.
"Uning tayinlanishi 99 foizga aniq. U bilan bitim tuzilishining ba'zi jihatlari muhokama qilinmoqda. Yaqin vaqtda Slutskiy terma jamoa ustozi sifatida tanishtiriladi. U TsSKAdan uzilmagan holda ishlaydi", deb ma'lum qiladi manba.
Uning aytishicha, Slutskiy Yevro-2016 saralashi doirasida qolgan 4 uchrashuvga jamoani olib boradi. Shuningdek, u qit'a chempionatiga chiqish yo‘lida o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan 2ta pley-off uchrashuvida ham bosh murabbiy bo‘ladi.
Ma'lum qilinishicha, TsSKA rahbariyati o‘z murabbiyini terma jamoaga berishga norozilik bildirayotgani tufayli muzokaralar cho‘zilib ketgan.
Saralash o‘yinlari yakunlanganidan keyin bu masalaga yana qaytilishi aytilgan.
Biroz oldinroq, Rossiya sport ishlari vaziri Vitaliy Mutko terma jamoaning yangi bosh murabbiyi nomi 10 avgust kunigacha e'lon qilinishini aytgandi.
Ma'lumot uchun, terma jamoaning bosh murabbiyi kursisi 14 iyul kuni italiyalik mutaxassis Fabio Kapelloga javob berilganidan buyon bo‘sh turibdi.