Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vasiliy Utkin: “NTV-Plyus” tahririyati huquqiy tomondan tugatiladi va biz bo‘shash haqida arizalar yozib bo‘ldik
“NTV-Plyus” telekanali sharhlovchisi Vasiliy Utkin Sovsport.ru muxbiri bilan suhbatda o‘zining “Match TV” telekanali bosh prodyuseri Tina Kandelaki bilan tvitterdagi yozishmalariga izoh berib o‘tdi.
“Men o‘z fikrlarimni ancha bosiqlik bilan bildiraman, buni qanday qabul qilish sizning ishingiz. Men bu voqeada izoh berish joiz bo‘lgan hech narsani ko‘rmayapman.
Tina Giviyevna Kandelaki hozir mening boshlig‘im emas. Men biladiganim, bizning tahririyat huquqiy tomondan 15 oktabrdan tugatiladi va biz hammamiz ishdan bo‘shash haqida arizalar yozib bo‘ldik. Hozir mening rahbarim Dmitriy Dmitriyevich Chukovskiy hisoblanadi. Uning rahbarining ismi Oleg Olegovich Kolesnikov. Kolesnikovning rahbarining ismi esa Aleksandr Vsevolodovich Vronskiy. Yanada yuqoridagi rahbarning ismi esa Dmitriy Nikolayevich Chernishenko. Uning tepasida kim turganini bilmayman. Menimcha, tangrining o‘zi bo‘lsa kerak.
Biz Tina Giviyevna bilan anchadan beri tanishmiz. Hozirda o‘rtamizda ishlab chiqarish bilan bog‘liq hech qanday munosabatlar mavjud emas. Men “NTV-Plyus”da ishlayman, u “Match TV” bosh prodyuseri hisoblanadi. Men u yerga o‘tamanmi, yo‘qmi bilmayman. Agar taklif qilishsa, borishim mumkin. Hayotim va faoliyatim davomida men “uydagi gaplarni ko‘chaga tashmalaganim” bilan bog‘liq biror narsani topib ko‘ring-chi. Topa olmaysiz. Chunki men juda intizomli odamman. Bu sharoitda esa men o‘z fikrlarimni, hislarimni bildirishda, istehzo qilishda o‘zimni mutlaqo erkin deb hisoblayman.
Meni biror narsa bilan xafa qilish juda qiyin. Semizligim borasida Tina Giviyevna bilan roziman. Men rozilik sifatida qo‘llarimga qo‘shib, oyog‘imni ham ko‘tarishga tayyorman. Haqiqatan ham semizlarga sportga munosabatni qayta ko‘rib chiqish kerak. Men o‘z qilmishlaridan pushaymon bo‘lgan semiz sifatida o‘tgan yilning 10 yanvaridan beri 85 kg ga ozdim, chunki o‘zimning sportga munosabatimni qayta qo‘rib chiqdim. Qolgan semizlar ham shunday yo‘l tutishsin. Men butun Moskva semizlari nomlaridan ularni bunday yo‘l tutishga chaqiraman”, deydi Utkin.
22 iyulda Tina Kandelaki tarkibida “Match TV” telekanali bo‘ladigan yirik sport xoldingining bosh prodyuseri etib tayinlangani ma'lum qilingandi. Kandelaki bunga izoh berib, “unga noldan boshlab yirik televizion sport tahririyatini qurish juda qiziq bo‘lishini” aytgan. Uning bu aytgan gaplari futbol sharhlovchisi Vasiliy Utkinga tegib ketgan va ular orasida o‘zaro tushunmovchilik yuzaga kelgan.