Sport | 14:52 / 07.08.2015
2194
2 daqiqa o‘qiladi

Yorqin Nazarov Germaniyadagi Xalqaro murabbiylik kurslarida ishtirok etadi

Germaniya Futbol ittifoqi (DFB) 2015 yil 7 sentabrdan 25 sentabrgacha Hennef shahridagi sport maktabida o‘zining an'anaviy Xalqaro murabbiylik kurslarini tashkillashtiradi. Germaniya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan mazkur kurslar ingliz tilida olib boriladi. Seminarlar mazmunan DFB tomonidan beriladigan “A” va "B” kategoriyali litsenziyalarga mos keladi va futbol nazariyasi va amaliyotining turli aspektlarini o‘z ichiga qamrab oladi. Germaniya Futbol ittifoqi (DFB) har yili butun dunyodan 30 nafar murabbiyni ushbu kurslarga taklif qiladi va ularni Milliy futbol federatsiyalari bilan hamkorlikda tanlab oladi.

Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Naythart Hyofer-Vissing 2015 yil 6 avgust kuni “Bunyodkor” futbol akademiyasi murabbiysi Yorqin Nazarovni qabul qildi. U DFBning joriy yildagi Xalqaro murabbiylik kurslarida O‘zbekiston nomidan ishtirok etadi.

Yorqin Nazarovni muzkur kurslarda ishtirok etishi bilan tabriklar ekan, elchi sport sohasining Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini ta'kidlab o‘tdi va Hennefdagi murabbiylik kurslarida oladigan bilimlari murabbiyga O‘zbekistonning bo‘lajak futbol yulduzlarini tayyorlashda samarali yordam berishiga umid bildirdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish