19:09 / 08.08.2015
9538

"O‘zbekiston havo yo‘llari" parvozdan oldin yo‘lovchining vaznini o‘lchash tartibini joriy qildi

7 avgust kunidan e'tiboran, “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi parvozdan oldin yo‘lovchilarning og‘irligini o‘lchash tartibotini kiritdi. Bu haqda aviakompaniya axborot xizmati xabar bergan.

Xabarda aytilishicha, parvozdan oldin yo‘lovchining qo‘l yuki bilan birgalikda o‘rtacha vaznini o‘lchash bo‘yicha tadbir o‘tkaziladi.

Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi qoidalariga muvofiq aviakompaniyalar parvozlar xavfsizligini ta'minlash talablariga rioya qilish uchun muntazam ravishda parvozdan oldin yo‘lovchilar va ularning qo‘l yuklarining vaznini aniqlash bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazib turishlari zarur hisoblanadi.

Yo‘lovchilarga ro‘yxatdan o‘tib bo‘lgach, havo kemasiga chiqishdan oldin samolyotga chiqish zonasida o‘rnatilgan maxsus tarozilarda vaznni o‘lchash taklif etiladi.
Vazn o‘lchash natijalarini qayd etish blankasida faqatgina yo‘lovchining toifasi (erkak, ayol, bola) ko‘rsatiladi, xolos. Boshqa maxfiy natijalar to‘liq saqlanishi kafolatlanadi.

Top