11:10 / 08.08.2015
6241

Qirg‘iziston Turkmanistondan tabiiy gaz import qilishni rejalashtirmoqda

Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari Valeriy Dil 5 avgustda Turkmaniston bosh vaziri o‘rinbosari Murod Ortiqov bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasidagi savdoni kengaytirish rejalari muhokama qilindi, deb xabar bermoqda Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati.

Turkmaniston vakili Ortiqovning aytishicha, Turkmaniston energetika, transport, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi birgalikdagi loyihalarni rivojlantirishdan manfaatdor.

Qirg‘iziston tomoni Turkmanistondan tabiiy gaz import qilishga qiziqish bildirishini ma'lum qildi. Turkmaniston prezidenti Qurbono‘g‘li Berdimuxamedovning birinchi tashrifi paytida Qirg‘iziston bilan hamkorlik qilish haqida 15 ta kelishuv imzolangan edi.

Avvalroq “Qirg‘izgaz” OAJni sotib olgan Rossiyaning “Gazprom” korporatsiyasi Qirg‘iziston aholisining tabiiy gazga ehtiyojini Qozog‘iston va O‘zbekistondan olinadigan gaz evaziga ta'minlashi ma'lum qilingan edi. Xususan, 2015 yilda “Gazprom” va “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston Qirg‘izistonning janubiy tumanlariga yiliga 100 mln kub metr gaz yetkazib berishi ko‘zda tutilgan.

Top