Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiyadagi Fusion Tour agentligi dengiz bo‘ylab halol sayohat taklif qilmoqda
Turkiya sayyohlik shirkati ilk bor 100 foiz halol deyilayotgan kema sayohatini taklif qilmoqda.
Xabar qilinishicha, ushbu dengiz sayohatiga ko‘proq dindor musulmonlar e'tiborini tortish ko‘zlangan.
Daily Sabah nashrining yozishicha, dengizga safarini 25 sentabr kuni Izmir shahridan boshlaydigan sayohatchilar faqat ayollar va yoki faqat erkaklar foydalanishlari mumkin bo‘lgan turkcha hammomlar hamda sport zallaridan bahramand bo‘lishadi. Bu sayohat 2 oktabrgacha Egey dengizini kezib, Pirey, Krit va Rodos portlarida to‘xtaydi.
Shuningdek, Egey dengiz bo‘ylab harakatlanadigan ushbu kemada qimor o‘ynashga, spirtli ichimliklar va cho‘chqa go‘shti mahsulotlari sotishga ruxsat berilmaydi.
"Kemamiz devorlarida Islomiy qadriyatlarga yot bo‘lgan suratlar ham yo‘q", deb aytgan loyiha boshqaruvchisi Go‘kmen Aydinalp Onado‘li xabar agentligi bilan suhbatda.
"Usmonlilar izidan" deb nomlangan 1 haftalik dengiz sayohati davomida sayohatchilar Rodos va Krit orollarini tomosha qilishadi.
"Bu faqat alkogol yoki cho‘chqa go‘shti mahsulotlaridan xoli kemagina emas. Bu madaniy va tarixiy maskanlar bo‘ylab sayohat bo‘ladi", deydi sayohatni tashkil qilayotgan agentlik (Fusion Tour) rahbari Kamol Gunay.
Qayd etish joizki, bugungi kunda Turkiyada halol sayyohlik biznesi gullab-yashnamoqda. Mamlakatda musulmonlar talablariga mos oziq-ovqatlar, faqat ayollar foydalanishlari mumkin bo‘lgan hovuzlar va sohillar taklif qiluvchi mehmonxonalar soni ortgan.