17:31 / 09.08.2015
7498

Bo‘kalik firibgar 5 nafar qishloqdoshini Rossiyaga olib borib, sotib yubordi

Bo‘kalik Ochilboy Sherov ismli shaxs 5 nafar qishloqdoshini Rossiyaning Yekaterinburg shahriga olib borib, u yerda oldindan amalga oshirilgan kelishuv asosida Mixail ismli shaxsga sotib yubordi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.
Sherov 20-25 yoshlar orasidagi qishloqdoshlari – Javdat Uyg‘unov, Akmal Allayev, Botir Turg‘unov, Javohir Tursunov, Shahzod Qorayev, shuningdek, pskentlik yana ikki shaxsga oyiga 500 dollar maosh va'da qilib, Yekaterinburgga olib bordi va ularni Mixailning qo‘liga topshirib, o‘zi ketib qoldi.
Mixail kelishuvga ko‘ra yigitlar unga 3 oy ishlab berishi, buning evaziga to‘lovni esa Sherov olib ketganini ma'lum qildi. 3 oylik og‘ir mehnatdan so‘ng u yigitlarga pasportlarini qaytarib berdi.
O‘z yurtlariga qaytib kelgan muhojirlar Sherov ustidan tegishli idoraga ariza topshirishdi. Sherovning ishi sudda ko‘rib chiqildi. Jinoyatchi 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Top