18:14 / 09.08.2015
2717

Hindiston shimolida jalalar va yer ko‘chishi oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi

O‘tgan kecha Hindistonning shimolidagi Ximachal-Pradesh shtatida jalalar oqibatida yuz bergan toshqin va yer ko‘chishlari oqibatida kamida 6 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda qutqaruv ishlarini olib borayotgan Hindiston Tabiiy ofatlarga javob beruvchi milliy kuchlari ma'lum qildi.

Qutqaruvchilar o‘nlab bedarak yo‘qolgan odamlar haqida ma'lumotlar olmoqdalar.

Toshqinlar oqibatida 3 ming oila o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Shtatdagi 50 ga yaqin bino va yuzlab gektar ekin maydonlari suv ostida qoldi. Manali-Kiratpur trassasining bir necha qismi vayron bo‘lgan va suv ostida qolgan.  

Yog‘ingarchilik miqdori keskin ravishda ortib ketuvchi musson yomg‘irlar mavsumi mamlakatda bir oy avval boshlangan edi. Oxirgi ikki hafta ichida mamlakatning turli viloyatlarida toshqinlar qayd etilmoqda. Daryolar toshishi Ximachal-Pradesh shtatidan tashqari Gujorot, Djammu va Kashmir, Uttarakxand va Uttar-Pradesh shtatlarida ham sodir bo‘lmoqda.

Hindistonda mussonlar mavsumi odatda sentabr o‘rtasigacha davom etadi.

Top