11:08 / 10.08.2015
5906

FT: AQSh rossiyalik biznesmenlar o‘rnatilgan cheklovlarni chetlab o‘tishidan xavotir olmoqda

AQSh Rossiyaga nisbatan belgilangan cheklovlar ro‘yxatiga Kipr va Finlyandiyada ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalarni ham kiritdi, negaki rossiyalik biznesmenlar shu kompaniyalar orqali sanksiyalarni chetlab o‘tishidan xavotir olmoqda. Bu haqda The Financial Times nashri yozmoqda.

AQSh qonunchiligiga ko‘ra, qora ro‘yxatga kiritilganlarning AQSh yurisdiksiyasida bo‘lgan barcha aktivlari muzlatib qo‘yilishi talab qilinadi. AQSh fuqarolari o‘z navbatida ular bilan biznes yuzasidan aloqa qilmasliklari kerak.

Ta'kidlanishicha, ro‘yxatning kengaytirilishi Rossiya bilan munosabatlarni yanada keskinlashtirishga harakat deb hisoblanmasligi kerak, bu shunchaki rossiyalik biznesmenlar kompaniyalardagi nazoratni boshqa shaxslarga o‘tkazganini tekshirish uchun amalga oshirilgan.

AQSh moliya vazirligi vakilining aytishicha, bu choralar Gennadiy Timchenko va Boris Rotenbergga AQSh sanksiyalarini chetlab o‘tishda yordam bergan kompaniyalarga nisbatan ko‘rilgan.

Yangi cheklovlar 10 avgustdan kuchga kiradi.

Top