Jahon | 14:05 / 10.08.2015
4875
2 daqiqa o‘qiladi

Gavanada AQSh va Kubaning yaqinlashishiga qarshi chiqqan 90 kishi qo‘lga olindi

AQShning Gavana elchixonasida ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning iliqlashuviga qarshi aksiya uyushtirganlarning 90 nafar faoli Kuba xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda France-Presse agentligi xabar bermoqda.

AQSh va Kubaning yarim asr muqaddam uzilgan diplomatik aloqalari 20 iyuldan rasman qayta tiklandi. Shu kuni Vashington va Gavanada elchixonalar ochildi. AQShning Kubadagi elchixonasi ustida bayroq rasman 14 avgust kuni ko‘tariladi. AQShning Gavanadagi elchixonasiga vaqtinchalik Jyeffri DiLorentis boshchilik qilib turadi. AQSh bayrog‘i ushbu mamlakatda 56 yildan buyon birinchi marta ko‘tariladi.

Bu holatga ayrim faol guruhlar norozilik bildirib kelmoqda. Ular birinchi navbatda Kubaning amaldagi hokimiyatiga qarshi chiqib, AQShdan ushbu davlatda inson huquqlarini himoya qilish uchun choralar ko‘rishni talab qilgan.

Qo‘lga olinganlarning 50 nafari Damas de Blanco (Oq kiyimli ayollar) dissident ayollar nohukumat tashkiloti vakillaridir. Ularning ayrimlari yuzlariga AQSh prezidenti Barak Obamaning niqoblarini taqib olishgan edi. Harakat rahbari Berta Solerning aytishicha, qo‘lga olinganlarning barchasi to‘rt yarim soatdan so‘ng qo‘yib yuborilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish