Jahon | 21:06 / 10.08.2015
7649
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvada “IShID”ni tanqid qilgan tojik dinshunosiga hujum qilindi

Moskvada o‘z ma'ruzalarida “IShID” terrorchilik guruhining faoliyatini qoralagan tojik dinshunosi Xayriddin Do‘stakovga hujum qilindi. Jabrlanuvchi pichoqdan olingan jarohatlar bilan og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqazildi. Bu haqda Tojikistonning Rossiyadagi elchixonasi matbuot kotibi Muhammad Egamzod ma'lum qildi.

Egamzodning aytishicha, 7 avgust kechki payt bir necha noma'lum shaxslar Do‘stakovga “Ryazanskiy prospekt” metro stansiyasi yaqinida hujum qilgan. Jinoyatchilar Do‘stakovga bir nechta og‘ir pichoq jarohatlari yetkazgan. Shundan keyin jabrlanuvchi Sklifosovskiy nomidagi tibbiy yordam institutiga olib ketilgan. Shifokorlarning aytishicha, jabrlanuvchining ahvoli og‘ir, biroq uning hayotini saqlab qolishiga umid bor.

2014 yilda Do‘stakov yashagan xonadonga avtomat bilan qurollangan niqobli odamlar kirib, dinshunosdan kompyuter va pullarini tortib olishgan. 2012 yilning martida esa Do‘stakov noma'lumlarning hujumi oqibatida bosh miya chayqalishi jarohati olgan edi.

Do‘stakov Moskvadagi Tinchlik ko‘chasida joylashgan jome' masjidida ma'ruzalar o‘qiydi. U o‘zining ma'ruzalarida terrorchilik xavfi haqida gapirib, “IShID”ning faoliyatini qoralaydi. Dinshunos, shuningdek, “Tojik mehnat muhojirlari” umumrossiya jamoatchilik harakatining ko‘ngillisi hisoblanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish