Jahon | 18:33 / 11.08.2015
6314
2 daqiqa o‘qiladi

Atyrau yaqinidagi Ural daryosi suvi noodatiy yashil tusga kirdi

8 avgust kuni Qozog‘istonning Atyrau shahri yaqinida Ural daryosining suvi noodatiy yashil tusga kirdi. Qayd etilishicha, bu vaqtda Ural suvi o‘zidan “organik hid” chiqarishni boshlagan.

Birinchi kundayoq daryo suvidan namunalar olingan bo‘lib, dastlabki tahlillar suvdagi hid 4 ball, rangdorlik darajasi esa 33 darajani tashkil etgan. Bu ko‘rsatkichlar ichimlik suvida 2 ball va 17 darajani tashkil etgan.

Bunday o‘zgarish shahardagi ichimlik suvi sifatiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatgani bois ichimlik suvini tozalash tizimlari kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda, deya xabar berdi «Atyrau Su Arnasy» kommunal suv tashkiloti.

“Taxminiy hisoblarga ko‘ra, mazkur birikma organik asosga ega bo‘lib, kimyoviy bo‘yoq emas. Ayni paytda Ekologik departamenti bilan hamkorlikda daryodan namunalar olmoqdamiz. Quyi qismidan namunalar oldik, endi daryoning yuqori qismlaridan ham to‘plashga yo‘l oldik”, deydi «Ak Jayyk» nashriga Atyrau viloyat tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi vakili Jaksylyk Sakimov.