Texnologiya | 06:39 / 11.08.2015
3054
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada xaker shifoxonalardan biridagi tibbiy qurilmaga ulana oldi

Germaniyaning Xaydelberg shahrida IT-mutaxassis noutbuk orqali shifoxonalardan biridagi tibbiy qurilmaga masofadan ulanib, uni boshqarishga muvaffaq bo‘ldi. Spiegel jurnalining ma'lum qilishicha, bu qurilmalarning zaif himoyasi unga yovuz niyatli kimsalar ulanganda bemorning hayoti xavf ostida qolishi mumkinligini ko‘rsatishga qaratilgan tajriba doirasida amalga oshirildi.     

“Xaker o‘zining noutbuki yordamida sun'iy nafas olish jarayonini to‘xtatib, qurilmaning barcha funksiyalarini to‘sib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi”, deb yozmoqda jurnal.

Ushbu “hujum” oqibatida bemorga hech qanday shikast yetkazilmadi. Mutaxassis tibbiy uskunaning zaif himoyasi va unga “buzib kirish” imkonini aniqlash maqsadida shifoxona tomonidan maxsus yollandi.

Tajribani o‘tkazganlar xakerlik hujumi uyushtirilgan tibbiy uskuna ishlab chiqaruvchisi nomini oshkor etishmayapti. Shu bilan ular ushbu kompaniyaga himoya tizimini takomillashtirishga imkon berishmoqda.

Avvalroq antiviris dasturlari ishlab chiqaruvchi McAfee kompaniyasi mutaxassislari tibbiy qurilmalarning himoyasi zaifligidan ogohlantirishgan edi. O‘shanda gap kardiostimulyatorlar va insulin pompalar haqida ketgandi. Mutaxassislar xakerlar ushbu qurilmalarga ko‘pchilik qurilmalar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan radiosignal yordamida ulana olishlarini ta'kidlagan edilar

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish