08:36 / 11.08.2015
8027

Namanganda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

Namangan shahrida viloyat miqyosidagi bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur yarmarka Namangan viloyat hokimiyati, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi, prokuratura va boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan tashkil etildi.

Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, mazkur yarmarkada nafaqat kasb hunar kollejlari bitiruvchilari, balki uzoq yillik mehnat tajribasiga ega katta kishilar ham ishtirok etib, taklif etilgan bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma'lumotlarga ega bo‘lishdi.

Tadbir ochilishiga bag‘ishlangan marosimda so‘z olganlar ayni paytda aholini ish bilan ta'minlash, mehnat bozorini nazorat qilish bo‘yicha tizimli va aniq ishlar olib borilayotganini ta'kidlab o‘tishdi. Viloyatda doimiy asosda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari tashkil etilib, o‘rta maxsus, kasb hunar va oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta'minlash, yoshlarni tashkilot va muassasalar to‘g‘risidagi axborotlardan xabardor qilish masalasiga, ayniqsa, katta e'tibor qaratilmoqda. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilib, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan, shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan “O‘z biznesini boshlash uchun ochiq eshiklar kunlari” aksiyasiga ijobiy baho berilib, bitiruvchilarning biznes g‘oyalarini imtiyozli shartlar bilan tijorat banklari kreditlari bilan ta'minlash taklif qilinayotgani ta'kidlandi.

Top