16:21 / 11.08.2015
18131

Navoiylik qiz to‘rt yil davomida mavjud bo‘lmagan oliygohda o‘qidi

Qashqadaryolik firibgar opa-singillar – Roziya, So‘g‘diyona va Nigina Omonovalar abituriyentlarni aldab, mavjud bo‘lmagan xorijiy o‘qishlar nomini aytib, ularga kirish evaziga pul undirib kelishgan. Bu jinoyat tafsilotlari “Postda” nashrida yoritildi.
Firibgar opa-singillar navoiylik abituriyent Zilola Ro‘ziyevani Moskvada faoliyat yuritadigan “Sovremennaya gumanitarnaya akademiya”ning aslida mavjud bo‘lmagan Navoiy filialida o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, undan dastlab ming dollar, so‘ng “hujjatlarni rasmiylashtirishga” yana 700 dollar olishdi.

Ular qizni bir necha bor uylariga chaqirib, internetdan topshiriqlar va darslar berib, shunday oliygoh borligiga ishontirgan edi. Ulardan shubhalanmagan Ro‘ziyeva 4 yil davomida mana shunday “tahsil” ko‘rib keldi va qalbaki diplom oldi. O‘qishning har bir yili uchun u firibgarlarga ming dollardan to‘lab keldi.

Shundan so‘ng opa-singil Omonovalar Ro‘ziyeva “o‘qish”ini magistraturada davom ettirishga ko‘ndirishdi. Ro‘ziyeva o‘zi bilan ikkita ukasini ham olib keldi. Ammo firibgarlar abituriyentlarni aldov yo‘li bilan Rossiyaga olib borib, bir yil davomida bepul ishlatdi.
Yurtiga katta qiyinchiliklar bilan qaytib kelgan yoshlar qalloblar ustidan sudga arz qilishdi. Opa-singillarning ishi ko‘rib chiqilib, ularga tegishli jazo belgilandi.

Top