12:51 / 11.08.2015
9020

O‘zbekiston bo‘ylab “Shaxsiy biznesni boshlash uchun ochiq eshiklar kuni” uyushtirilmoqda

Shu kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab o‘rta maxsus ta'lim muassasalarida Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining tashabbusi bilan “Shaxsiy biznesni boshlash uchun ochiq eshiklar kuni” uyushtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining axborot xizmati xabar bergan.

O‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar bitiruvchilarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mazkur tadbirga tijorat banklari, tuman hokimiyatlari, soliq inspeksiyalari va mahalla qo‘mitalaridan vakillar ham jalb qilinmoqda.

Tadbirdan asosiy ko‘zlangan maqsad tijorat banklari, tuman Tadbirkorlik sub'yektlarini ro‘yxatga olish inspeksiyasi, Soliq inspeksiyasi, Aholi bandligi markazi, Savdo-sanoat palatasi, Davlat ko‘chmas mulk obektlarini ijaraga berish markazi, mahalla qo‘mitasi va Xotin-qizlar kengashi, shuningdek, mayda uskuna va texnologiyalarni yetkazib beruvchi korxonalarning vakillarini birgina ta'lim muassasasiga jamlash hisoblanadi. Mazkur tashkilot vakillari o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga shu yerning o‘zida kerakli hujjatlarni rasmiylashtirib berishadi.

Shu tariqa, har bir kollejda turli mayda uskunalar va maishiy texnika namunalari bilan bezatilgan stendlar tashkil etilmoqda. Mazkur stendlarda kichik nonvoyxona, tikuv sexi, fotosalon, tamaddixona, kafe, go‘zallik saloni, avtomobil yuvish shohobchasi, qurilish va ta'mirlash korxonalarini tashkil etishda kerak bo‘ladigan texnika va anjomlar mavjud. Bularning bari yangi biznes boshlash uchun kerak bo‘ladigan anjomlarni bitiruvchilar shu yerning o‘zida xarid qilishlari uchun qilinmoqda.
Tadbirkorlik sub'yektlarini ro‘yxatga olish inspeksiyasi xodimlari yoshlarga o‘z bizneslarini ro‘yxatga olishda ko‘mak ko‘rsatayotgan bo‘lsalar, soliq inspeksiyasi xodimlari yosh tadbirkorlarni soliqqa oid qonun-qoidalar bilan tanishtirish bilan bir qatorda, ayni vaqtning o‘zida ularga identifikatsiya raqamini (INN) taqdim qilishmoqda.

Soliq tashkilotidan ro‘yxatdan o‘tib, kredit rasmiylashtirilgandan keyin yosh tadbirkorlarga Bandlikka ko‘maklashish markazi va Xalq banki xodimlari tomonidan mehnat daftarchasi va jamg‘arib boriladigan pensiya hisob raqami (INPS) berilmoqda.

Shunday qilib, bir bitiruvchining tadbirkorga aylanishi va kerakli kreditga ega bo‘lishi uchun bir soatdan ham kam vaqt sarflanmoqda. Yanada batafsilroq so‘z yuritadigan bo‘lsak, bitiruvchi o‘ziga yaxshi tanish va qadrdon bo‘lgan ta'lim muassasasiga pasport, diplom va albatta, puxta o‘ylangan biznes g‘oyasi bilan kelib, qisqa fursatda o‘z biznesini ro‘yxatdan o‘tkazishi, mehnat daftarchasi, soliq to‘lovchi identifikatsiya raqami (IIN), jamg‘arib boriladigan pensiya jamg‘armasi hisob raqami (INPS)ga ega bo‘lishi va eng muhimi, tijorat banklaridan atigi 3 dan 9 foizgacha bo‘lgan uch yillik kreditni ham qo‘lga kiritishi mumkin.

Tasdiqlangan rejaga ko‘ra “Shaxsiy biznes boshlash uchun ochiq eshiklar kuni” Toshkent shahrida quyidagi sanalarda o‘tkaziladi:
4-5 avgust – Sergeli tumanida;
6-7 avgust – Uchtepa tumanida;
7-8 avgust – Bektemir tumanida;
11-12 avgust – Yunusobod tumanida;
13-14 avgust – Mirzo Ulug‘bek tumanida;
15-17 avgust – Mirobod tumanida;
17-18 avgust – Shayxontohur tumanida;
19-20 avgust – Olmazor tumanida;
21-22 avgust – Yakkasaroy tumanida;
24-25 avgust – Yashnaobod tumanida;
26-27 avgust – Chilonzor tumanida.

Ochiq eshiklar kunlari soat 9:00dan 17:00ga qadar davom etadi.

Top