Sport | 15:30 / 11.08.2015
3147
3 daqiqa o‘qiladi

«Paxtakor-79» jamoasini xotirlash tadbirlari o‘tkazildi

Bugun o‘zbek futboli jamoatchiligi 1979 yilgi aviafojiada halok bo‘lgan «Paxtakor» futbolchilarini yana bir bor xotirlamoqda.

Ushbu an'anaga muvofiq, o‘zbek futboli jamoatchiligi — o‘zbek futboli faxriylari, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi rahbarlari va hodimlari, «Paxtakor» va boshqa klublar vakillari, muxlislar «Paxtakor-79»ni xotirladi, deb yozmoqda O‘FF rasmiy sayti.

Kun bo‘yi davom etgan tadbirlar «Paxtakor» stadioni hududida joylashgan «Paxtakor-79» yodgorligi ostiga gulchambarlar qo‘yilishidan boshlandi. Yodgorlik atrofida yig‘ilganlardan, avvalo, futbol faxriysi Salim Eshmuhammedov so‘z olib, aviahalokat sabab olamdan o‘tgan ushbu jamoa bilan birga o‘tkazgan davrlari haqida so‘zlab berdi. So‘ngra madaniyat va sport ishlari vaziri birinchi o‘rinbosari Murod Aliyev so‘zga chiqib, «Paxtakor-79»ning hozirgi yosh futbolchilarga o‘rnak bo‘ladigan jihatlari haqida nutq so‘zladi. Shoir G‘ulomjon Hamidov «Paxtakor-79» xotirasiga bag‘ishlagan she'rini o‘qib eshittirdi. Shundan keyin yig‘ilganlar aviahaloktda olamdan o‘tganlarning qabrlari joylashgan «Botkin» qabristoniga yo‘l olishdi.

«Paxtakor-79» xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda. Ma'lumot uchun, bundan 36 yil muqaddam, 1979 yilda 11 avgust sanasini o‘zbek futboli tarixidagi eng mash'um kun sifatida e'tirof etilishiga sabab bo‘lgan falokat sodir bo‘lgandi. Toshkent vaqti bilan soat 13:35 bo‘lgan vaqtda Toshkent-Gurev-Donetsk-Minsk reysida parvoz qilayotgan TU-134 samolyoti Chelyabinsk-Kishinyov reysini amalga oshirayotgan shu rusumdagi boshqa samolyot bilan to‘qnashib ketdi. Falokat yerdan 8400 metr balandlikda yuz berdi va ikki samolyot bortida bo‘lgan 178 kishi halok bo‘ldi.

Ular orasida o‘sha vaqtda o‘zbek futbolining faxri hisoblangan «Paxtakor»ning 17 nafardan iborat tarkibi ham bo‘lgan.

Ular bilan tanishing:

Jamoa murabbiyi: Sport ustasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan ustoz — Idgay Tazetdinov.

Futbolchilar Xalqaro toifadagi sport ustalari: Mixail An, Vladimir Fyodorov.

Sport ustalari: Olim Ashirov, Aleksandr Korchenkov, Sergey Pokatilov, Ravil Agishev, Nikolay Kulikov, Yuriy Zagumennix, Vladimir Makarov, Konstantin Bakanov, Viktor Churkin.

Sport ustaligiga nomzodlar: Shuhrat Eshbo‘tayev, Vladimir Sobirov, Sirojiddin Bozorov.

Shifokor: Vladimir Chumakov

Ma'mur: Mansur Tolibjonov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish