19:39 / 11.08.2015
11419

Toshkentda “Yil imomi-2015” tanlovi o‘tkazildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida har yili “yil imomi” ko‘rik tanlovi o‘tkazilib kelinmoqda. Tanlovni o‘tkazishdan maqsad O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunini hayotga tatbiq etish, intizomli, ilg‘or, tashabbuskor, tadbirkor, nutqi ravon va keng omma afkoriga o‘z fikrini teran tushuntirib, yetkazib berish qobiliyatiga ega bo‘lgan eng iqtidorli, har tomonlama faol yil imom-xatiblarni aniqlash va keng jamoatchilikka ma'lum qilish hisoblanadi.

Joriy yilning 5 avgust kuni Toshkent shahrida ham mazkur tanlovning shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahrining 11 ta tumanidan g‘olib bo‘lgan imom-xatiblar qatnashdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi xabar bergan.

Ko‘rik tanlov qatnashchilari Qur'oni karim oyatlarining tafsiri, turli fiqhiy masalalar, Islom tarixi, aqidaparast oqimlar va ularning soxta iddaolari mavzulari bo‘yicha sinovdan o‘tishgan.

Shuningdek, ishtirokchilarning ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlariga ham alohida e'tibor qaratilgan.
Ko‘rik tanlov davomida qatnashchilar o‘zlarining bilimdonlik, hozirjavoblik va ilmiy salohiyatlarini yana bir namoyish etishgan.
Yakuniy bosqich natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rin Toshkent shahar Olmazor tumani “To‘xtaboy” jome masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatovga nasib etdi. Ikkinchi o‘ringa Toshkent shahar Uchtepa tumani “Abu Hanifa” jome masjidi imom-xatibi Muhammadamin Alixonov erishdi. Uchinchi o‘ringa esa Toshkent shahar Yakkasaroy tumani “Rakat” masjidi imom-xatibi Robbimqul Muhammadiyev loyiq topildi.
Tadbir so‘ngida, g‘oliblar va barcha ishtirokchilarga estalik sovg‘alari topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, “Yil imomi-2015” tanlovining Toshkent shahar va viloyat bosqichlari, shuning bilan o‘z nihoyasiga yetdi. Quyidagi g‘olib imom-xatiblarimiz tanlovning Respublika bosqichida ishtirok etishadi:
1) Salimjon Yunusov, Andijon viloyati Izboskan tumani “Umar ibn Xattob” jome masjidi imom-xatibi;
2) Salohiddin Gadoyev, Buxoro viloyati Buxoro shahar “Xo‘ja Ismat” jome masjidi imom-xatibi;
3) Sulton Valiyev, Jizzax viloyati Jizzax shahar “Nijonlik” jome masjidi imom-xatibi;
4) Abdulvohid Hakimov, Navoiy viloyati Karmana tumani “Jaloyir” jome masjidi imom-xatibi;
5) Bosit Mamadaliyev, Namangan viloyati Namangan shahar “Abdulloh ibn Mas'ud” jome masjidi imom-xatibi;
6) Qamariddin Baxriyev, Samarqand viloyati Samarqand shahar “Xo‘ja Abdu Darun” jome masjidi imom noibi;
7) Ulug‘bek Qobilov, Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani “Paxtakor” jome masjidi imom-xatibi;
8) Nizamiddin Choriyev, Surxondaryo viloyati Termiz shahar “Murch bobo” jome masjidi imom-xatibi;
9) Yoqub Buxorboyev, Toshkent viloyati Bekobod tumani “Chanoq” jome masjidi imom-xatibi;
10) Isoqjon Begmatov, Toshkent shahri Olmazor tumani “To‘xtaboy” jome masjidi imom-xatibi;
11) Abduquddus Isaqov, Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahar “Zaynul Obidin” jome masjidi imom-xatibi;
12) Mahmudjon Sobirov, Xorazm viloyati Urganch tumani “G‘oib ota” jome masjidi imom-xatibi;
13) Ruhiddin Akbarov, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani “Akbar Halifa” jome masjidi imom-xatibi;
14) Baxramatdin Razov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani “Imom eshon Muhammad” jome masjidi imom-xatibi.

Top