Texnologiya | 10:10 / 12.08.2015
2713
2 daqiqa o‘qiladi

Apple rahbari dush uchun innovatsion uchliklar ishlab chiqarishga investitsiya kiritadi

San-Frantsiskoda ish boshlagan Nebia startapiga Apple bosh direktori Tim Kuk investitsiya kiritdi. The New York Times nashrining yozishicha, ushbu kompaniya dushlar uchun suv tejovchi maxsus uchliklar yaratish bilan shug‘ullanmoqda.
Loyihaning boshqa investorlari sirasida Y Combinator startapi, Schmidt Family Foundation jamg‘armasi va Battery klubi asoschisi Maykl Birchlar bor.
Nebia kiritilgan investitsiyalarning aniq hajmini oshkor qilmayapti.
Hozircha shtatida olti kishi bo‘lgan kompaniya suv sarfini 70 foizga qisqartiradigan maxsus uchliklar yaratish bilan shug‘ullanmoqda. Insonning yuvinishiga o‘rtacha 75 l suv ketadi, Nebia taklif qilayotgan texnologiya qo‘llanganda esa bu ko‘rsatkich 23 l gacha pasayadi.
Ishlanma mexanizmi suv oqimini mayda tomchilarga bo‘lib yuboradi, bu sochilish maydonini kengaytiradi. Suv oqimi tumanga o‘xshaydi. Darvoqea kompaniyaning nomi ham italyancha nebbia “tuman” so‘zidan olingan.
Nebia, shuningdek, Kickstarter kampaniyasini ishga tushirdi. Ushbu kampaniya 8 soat ichida kerakli 100 ming dollarni to‘play oldi. Mablag‘ to‘plash 2015 yil 11 sentabriga qadar davom etadi. Bu davr ichida Kickstarter platformasiga 300 dollar kiritgan har qanday kishi dush uchliklarini oldindan buyurtma qila oladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish