Sport | 17:32 / 12.08.2015
3741
4 daqiqa o‘qiladi

Bugun O‘zbekiston Kubogi yarim finali uchrashuvlari o‘tkaziladi

Bugun, 12 avgust kuni O‘zbekiston Kubogi yarim finali uchrashuvlari o‘tkaziladi. Bu bosqichga Toshkentning 3ta jamoasi "Paxtakor", "Bunyodkor", "Lokomotiv" jamoalari hamda Qashqadaryoning "Nasaf" jamoasi yetib kelgan.

12 avgust kuni mamlakat kubogi yarim finali birinchi uchrashuvlari doirasida “Paxtakor” – “Bunyodkor” uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

Bungacha kubok doirasida Toshkentning ikki grand klubi bir-birlari bilan besh bor ro‘baro‘ kelishgan. “Paxtakor” va “Bunyodkor” o‘zaro o‘yinlarda ikkitadan g‘alaba qozongan bo‘lsalar, bitta bahsda kuchlar teng kelufy. To‘plar farqi – 7:4, “qaldirg‘ochlar” foydasiga.

“Paxtakor” va “Bunyodkor” kubok doirasidagi birinchi bor 2007 yilgi mamlakat kubogining finalida kuch sinashishgan. O‘zbek futboli tarixida “loy jangi” nomi bilan esda qolgan ushbu bahsda penaltilar seriyasida “paxtakorchilar” g‘alaba qozonishgandi. Oradan bir yil o‘tib, “Paxtakor” va “Bunyodkor” yana kubok finalida uchrashishdi. Bu safar “qaldirg‘ochlar” 3:1 hisobida g‘olib chiqishdi. 2009 yilda ham hal qiluvchi final bu ikki jamoa o‘rtasi o‘tdi. Ketma-ket uchinchi finalda “sherlar” 1:0 hisobida ustun kelishdi. Shundan keyin 2012 yilgi kubok bahslarining yarim finali yana printspial raqiblarni uchrashtirdi. “Jar”dagi bahsda 1:1 hisobi qayd etilgan bo‘lsa, “Paxtakor” maydonida kechgan javob uchrashuvida “Bunyodkor” g‘alaba qozona oldi – 3:1.

2015 yilgi mamlakat kubogi yarim finali doirasidagi birinchi bahs mezbonligi qur'aga ko‘ra, “Paxtakor” jamoasiga nasib etdi. Bahs 12 avgust, chorshanba kuni “Paxtakor” markaziy stadionida soat 19:00da boshlanadi. Uchrashuvni Viktor Serazetdinov boshchiligidagi poytaxtlik hakamlar guruhi boshqarib borishadi.

Shuningdek, bugun "Nasaf" "Lokomotiv" bilan bahslashadi. “Nasaf” ketma-ket beshinchi O‘zbekiston kubogi yarim finalida ishtirok etadi. 2011 yili “Nasaf” yarim finalda “Bunyodkor”ni, 2012 yil “Buxoro”ni, 2013 yil “Paxtakor”ni mag‘lub etib, finalga yo‘l olgan edi. O‘tgan yili ham qarshilik futbolchilar kubok yarim finalida ishtirok etib, ikki o‘yin natijasiga ko‘ra “Bunyodkor” (0:1, 1:1) finalga yo‘l olgandi. Bu yil “Nasaf” kubok yarim finalida ilk marta “Lokomotiv” bilan to‘qnash keladi. Bu ikki jamoa ilgari mamlakat kubogining ushbu bosqichida o‘zaro kuch sinashishmagan.

“Nasaf” yarim finalga qadar birinchi liga vakillari “Oqtepa” va “Paxtakor-2” jamoalarini taslim etgan bo‘lsa, temiryo‘lchilari nimchorak finalda “Navbahor”, chorak finalda “Metallurg”ni mag‘lub etishning uddasidan chiqishdi.

Eslatib o‘tamiz, “Nasaf” – “Lokomotiv” bahsi 12 avgust kuni soat 19:30da “Markaziy” stadionda boshlanadi. Soat 22:10dan boshlab o‘yin videoyozuvi “Sport” telekanali orqali efirga uzatiladi.

O‘yinga X. Ro‘ziyev boshchiligidagi hakamlar brigadasi tayinlangan. Nazoratchi hakam esa D. Roman.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish