Iqtisodiyot | 22:43 / 12.08.2015
3787
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston hukumati lapshadagi qo‘rg‘oshin tufayli Nestle’dan sud orqali 99 mln dollar undirmoqchi

Hindiston hukumati Maggi brendi ostida sotilgan lapsha tufayli Shveytsariyaning Nestle korporatsiyasi bo‘linmasi Nestle India’dan 6,4 mlrd rupiy (99 mln dollar) undirish maqsadida sudga shikoyat arizasini topshirdi. Ushbu makaron mahsuloti unda qo‘rg‘oshin moddasi borligi tufayli sog‘liq uchun xavfli deb topildi, deb xabar bermoqda Bloomberg agentligi.

Nestle India ustidan da'vo arizasi Hindiston istemolchilar masalalari bo‘yicha vazirligi tomonidan topshirildi. Vazirlik kompaniyani oziq-ovqat xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaganlikda ayblamoqda. Xavfli mahsulot beshta shtatda aniqlangan.

O‘z navbatida AQSh, Buyuk Britaniya va Kanada regulyatorlari ham Hindistonda ishlab chiqarilgan Maggi lapshasini tekshirdilar, biroq unda hech qanday qo‘rg‘oshin izlari borligini aniqlamadilar. Mutaxassislarning fikricha, Nestle Hindistonning tez tayyorlanuvchi lapsha bozorining 60 foizidan ko‘prog‘ini nazorat qiladi.

Iyun oyida Nestle 50 mln dollarlik Hindistonda ommalashgan Maggi lapshasini yo‘q qilishi ma'lum qilingandi. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish