Lavrov Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri bilan matbuot anjumani chog‘ida so‘kinib yubordi
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr bilan birgalikda o‘tkazgan matbuot anjumani chog‘ida so‘kinib yubordi. Anjuman Russia Today telekanali tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilinayotgan edi.
TASS muxbiri Lavrovga Suriya ixtilofi masalasi bo‘yicha Moskvada uchrashuv o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani borasida savol berdi.
“U qachon o‘tkaziladi va uning doirasida Suriya muxolif kuchlari milliy koalitsiyasi vakillari bilan uchrashuvlar belgilanganmi?”, – dedi u.
Bunga javoban Lavrov uchrashuv o‘tkazilmasligini ta'kidladi:
“Biz fevralda va aprelda ikkita uchrashuv o‘tkazdik, hozir individual asosda aloqa qilishda davom etmoqdamiz”.
Uning javobi Saudiya tashqi ishlar vaziriga tarjima qilib berilayotgan paytda Lavrov past ovozda “Vot (so‘kinish) debily” – “Obbo ahmoqlar” so‘zlarini aytdi.
Uning bu so‘zlari matbuot anjumaniga mavzusiga aloqadorligi ma'lum emas. Savolga javob berishdan oldin Lavrov biroz asabiylashgan holda telefonida nimadir yozayotgan edi, so‘ng uni cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
2012 yili Ivan Urgantning “Pervyy kanal”dagi kechki shousida Lavrov muzokaralar chog‘ida ba'zan so‘kinishini tan olgan edi.
2008 yili Lavrov Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Miliblend bilan Gruziya masalasini telefon orqali muhokama qilayotgan paytda suhbatdoshini haqorat qilgani va inglizcha so‘kingani aytilgan edi.