Sport | 10:32 / 13.08.2015
1805
2 daqiqa o‘qiladi

“Rio-2016”: XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining tashkiliy qo‘mitasi musobaqalar jadvalini tasdiqladi

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida 2016 yili o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining tashkiliy qo‘mitasi musobaqalar jadvalini tasdiqladi.

Unga ko‘ra suzish musobaqalarining hal qiluvchi final bahslari mahalliy vaqt bilan soat 22:00da boshlanadi va yarim tunda yakuniga yetadi. Bunga mazkur Olimpiada o‘yini translyatsiyasini namoyish etish xuquqiga ega bo‘lgan Amerika televideniyasi manfaatlaridan kelib chiqib qaror qilindi.

Avvalroq bu g‘oya Buyuk Britaniya, Avstraliya, Vengriya, Germaniya kabi sportning ushbu turi keng taraqqiy etgan davlatlar, shuningdek, Xalqaro olimpiya qo‘mitasining bir necha a'zolarining noroziligiga sabab bo‘lgan edi. Ular final bosqchida ishtirok etgan sportchilar taqdirlash marosimi, doping-nazorat, tiklanish jarayoni, matbuot anjumani hamda ovqatlanishdan so‘ng Olimpiya shaharchasiga soat 03:00 atrofida kelishlarini, bu esa o‘z navbatida ular istiqomat qilayotgan joyda yashayotgan boshqa sport turi vakillariga noqulayliklar keltirib chiqarishini ta'kidlashgan.

“Biz bu masalada tashkiliy qo‘mita a'zolarining fikrlarini o‘zgartirishga bir necha bor harakat qildik. Ammo musobaqalar Xalqaro olimpiya qo‘mitasi shafeligida o‘tkazilayotganligini ham yoddan chiqarmaslik va ularning qarorini xurmat qilishimiz kerak. Teletranslyatsiyalar masalasi chindan ham juda muhim”, – deydi Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA)ning ijrochi direktori Kornel Markulesku.

Musobaqalarning juda kech boshlanishi Yevropaning bir qator televideniyalarida ham noroziliklarga sabab bo‘ldi. O‘rtadagi to‘rt soatlik vaqt tafovuti natijasida suzish bo‘yicha musobaqalarning hal qiluvchi final bahslari tungi soat 02:00da boshlanib, tongga yaqin tamom bo‘ladi. Bu esa teleauditoriyaning keskin darajada kamayib ketishiga olib kelishi mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish