Jahon | 16:00 / 13.08.2015
2843
2 daqiqa o‘qiladi

Independent: Ukrainaning britaniyalik harbiy instruktorlardan ko‘ngli to‘lmadi

Afg‘oniston va Iroqda amaliyot o‘tagan britaniyalik instruktorlarning qo‘shma o‘quvlarda namoyish etgan malakalaridan Ukraina harbiylarining ko‘ngli to‘lmadi. Bu haqda The Independent nashri yozmoqda.
Ukrainaga kelgan britaniyalik instruktorlar mahalliy harbiylarni jang maydonida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, qo‘lbola portlovchi uskunalarni zararsizlantirish, aloqani yo‘lga qo‘yish, razvedka ma'lumotlarini to‘plash va dushman hujumi chog‘ida fuqarolarni evakuatsiya qilish singari ishlarga o‘rgatmoqda. O‘quvlar kursiga, shuningdek, shahar inshootlarini himoya qilish va o‘qotar qurollar bilan bajariladigan mashqlar kiradi.
Dasturga jalb qilingan britaniyalik harbiylarning aksariyat qismi Iroq va Afg‘onistonda xizmat o‘tagan, ammo ularning tajribasi Ukraina harbiylarini hayron qoldirishga kamlik qilmoqda, deb ta'kidlaydi nashr.
O‘z navbatida, britaniyaliklar Yaqin Sharqda qo‘llangan taktika va amaliyot har doim ham Ukraina ixtilofiga va mahalliy sharoitlarga to‘g‘ri kelmayotganini tan olmoqda. Xususan, Ukrainadagi ixtilofda har ikki tomondan og‘ir artilleriya va tanklar qo‘llanmoqda.
Ukrainaga safari chog‘ida Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Maykl Fellon yil oxiriga qadar mashqlarda qatnashayotgan ukrainalik harbiy xizmatchilarning soni ikki barobarga oshib, 2 ming kishiga yetishini ta'kidlab o‘tdi. Instruktorlar soni esa 38 kishidan 75 kishiga yetkazildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish