Sport | 07:23 / 13.08.2015
2553
2 daqiqa o‘qiladi

Povetkin dopingda ushlangan polyak bokschi bilan jang qiladi

O‘ta og‘ir vazn toifasida ishtirok etuvchi rossiyalik bokschi Aleksandr Povetkinning navbatdagi raqibi polshalik bokschi Mariush Vax bo‘ldi. Bu haqda “Mir boksa” promouterlik kompaniyasi matbuot bayonotida ma'lum qilindi. Bokschilar orasidagi jang 4 noyabrda Qozondagi “Basket-Xoll” arenasida bo‘lib o‘tadi.

Ushbu boks kechasi doirasida yana bir rossiyalik bokschi, birinchi og‘ir vazn toifasida Butunjahon boks uyushmasi talqini bo‘yicha jahon chempioni Denis Lebedev 32 yoshli nigeriyalik bokschi Latif Kayode bilan bellashadi. Yana bir rossiyalik bokschi, Xalqaro boks tashkiloti chempioni kamari sohibi Rahim Chaxkiyev britaniyalik bokschi Oloy Afolabi bilan mushtlashadi.   

“Mir boksa” kompaniyasi rahbari Andrey Ryabinskiyning aytishicha, Povetkin dastlab amerikalik bokschi Deontey Uaylder bilan jang qilishi rejalashtirilgan edi, biroq u bilan muzokaralar cho‘zilib ketgani sababli oraliq jang o‘tkazishga qaror qilindi.

Povetkinning raqibi Vax 2012 yilda Gamburgda Vladimir Klichko bilan jangdan keyin doping sinovdan o‘tganda qonida taqiqlangan moddalar borligi aniqlangan. Polyak anabolik vositalar qabul qilganini tan olib, ma'lum muddatga bokschilik faoliyatidan chetlatilgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish