Jahon | 06:09 / 14.08.2015
2710
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaning sobiq prezidenti Yanukovich videoanjuman orqali so‘roq qilinadi

Ukraina Bosh prokuraturasi Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovichni videoanjuman tartibida so‘roq qilishga qaror qildi. Bu haqda 13 avgust kuni Yanukovichning advokati Vitaliy Serdyuk ma'lum qildi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.

Ukraina Bosh prokuraturasi so‘roqni o‘tkazish uchun Rossiya Bosh prokuraturasiga videoanjumanni o‘tkazishga yordam berish hamda Rossiyaning qaysi joyida bu amalga oshishini kelishib olish bo‘yicha murojaat qiladi. Shunday keyingina texnik aloqa o‘rnatiladi.

6 avgustda Ukraina Bosh prokuraturasi Yanukovichni “O‘ta yirik miqdorda o‘zganing mol-mulkini bir o‘zi yoki uyushgan guruh tomonidan o‘zlashtirib olish yoki sarflab yuborish” moddasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoiy ishni ko‘rish davomida so‘roqqa chaqirgan edi. Bu moddada 12 yilgacha qamoq  jazosi va mol-mulkni musodara qilish ko‘zda tutilgan.  

Yanukovich so‘roqqa kelishdan o‘z xavfsizligidan xavotirlanib bosh tortgan. Yanukovich Ukraina Bosh prokuraturasiga so‘roqni u hozirda yashayotgan Rostov-Donda yoki videoanjuman orqali o‘tkazishni taklif qilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish