Jamiyat | 16:17 / 15.08.2015
3579
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda “Ozod yurt to‘lqinlari” media-festivali bo‘lib o‘tadi

21 avgust kuni Toshkentdagi Lotte City Hotel Tashkent Palace mehmonxonasining yozgi maydonida “Ozod yurt to‘lqinlari” VIII an'anaviy media-festivali bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “Darakchi” gazetasi xabar bermoqda.

Mazkur tadbir O‘zbekistondagi nodavlat teleradioeshittirishlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni rivojlantirish, televizion va radiodasturlarni tayyorlashda jurnalistlar faoliyatini faollashtirishga yo‘naltirilgan.

Festival g‘oliblari 3 nominatsiya bo‘yicha onlayn ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi: “Eng yaxshi media loyiha”, “Eng yaxshi telestansiya” va “Eng yaxshi radiostansiya”. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 24 yilligiga bag‘ishlangan eng yaxshi dastur” maxsus nominatsiyasi joriy qilingan.

Tadbir davomida NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasi a'zolari tomonidan grant sohiblari e'lon qilinadi.

Shuningdek, anjumanda O‘zbekiston elektron OAV milliy assotsiatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Mening yurtim – mening faxrim!” deb nomlangan musiqiy televizion tanlovning ikkinchi bosqichi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish