10:00 / 16.08.2015
4577

National Interest: AQShning IShIDga qarshi harbiy kampaniyasi noqonuniy

The National Interest nashri Katon instituti prezidenti o‘rinbosari Jin Xilining AQShning IShIDga qarshi olib borayotgan kurashi haqidagi maqolasini e'lon qildi.
“O‘tgan shanba AQShning IShIDga qarshi kampaniyasi boshlanganiga roppa-rosa bir yil to‘ldi”, – eslatib o‘tadi muallif.
Uning yozishicha, shu paytgacha 5 ming aviazarba amalga oshirilganiga qaramay, Kongress haligacha Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarga ruxsat berish bo‘yicha ovoz berish o‘tkazmadi.
“Bir yil davomida noqonuniy harbiy kampaniyaning olib borilishi konstitutsion tizimning yemirilayotganidan dalolatdir”, – ta'kidlaydi Xili.
“IShID pozitsiyalariga birinchi havo zarbalari avgustda berilgan edi, – davom etadi so‘zida ekspert, – ammo Obama Kongressga harbiy kuchdan foydalanishga ruxsat berish loyihasini kiritishiga yarim yil kerak bo‘ldi”.
Shundan buyon Kongress amalda bu masalani muhokama qilishdan bosh tortdi.
O‘z chiqishlaridan birida Obama prezidentlik davrida yettita mamlakatda harbiy operatsiyalar o‘tkazish haqida qaror qabul qilganini tan olgan edi.
Xilining fikricha, Obama va Kongressning qilayotgan ishlari AQShning tinchlik siyosati yuritishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Top