Jahon | 17:30 / 16.08.2015
10634
4 daqiqa o‘qiladi

NI: AQSh Xitoyning “yashirin qurol”ini ko‘zdan qochirdi

Xitoy harbiy salohiyatini o‘stirish doirasida yangi qurol tizimlarini ishlab chiqmoqda, bu esa AQShning xavotiriga sabab bo‘lmoqda. Ammo, The National Interest nashri tahlilchisi Kayl Mizokamining fikricha, AQSh va uning ittifoqchilarini J-20 5-avlod qiruvchilari yoki Dunfen-21 (DF-21) kemalarga qarshi ballistik raketalari birinchi o‘rinda bezovta qilmasligi kerak.

“Xitoy Xalq ozodlik armiyasi ixtiyoridagi boshqa, butun boshli qurol toifasi borki, u yanada ko‘proq xavotirga sabab bo‘lishi kerak. Ayrim qurollar haqida ma'lumot topish qiyin, boshqalari esa ko‘rinadigan joylarda turibdi. Ayrimlari qarshi AQShda yetarli darajada imkoniyat yo‘q, ayrimlari esa mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni aks ettiradi”, – deydi jurnalist o‘z maqolasida.

Uning fikricha, AQSh Xitoyning o‘ta xavfli bo‘lgan kamida 5 turdagi quroli haqida tamoman unutib qo‘ydi. Birinchi o‘rinda u harbiy kosmik tizimlarni tilga olib o‘tdi. Xitoy tomonidan bu texnologiyaning rivojlantirilishi, tahlilchining fikricha, AQShni “kar, ko‘r va soqov” qilib qo‘yishi mumkin. Aynan harbiy sun'iy yo‘ldoshlar tizimi AQSh armiyasiga o‘zining va dushmanning o‘rnini butun jahon bo‘ylab to‘g‘ri aniqlashga, axborot almashishga imkon bermoqda. XXR sun'iy yo‘ldoshlarga qarshi qurol yaratsa, AQSh bu boradagi ustunligidan mahrum bo‘ladi.

Ikkinchi o‘rinda Xitoyning ishlab chiqarish bazasi turibdi. Xitoy, ilgarigiday, “jahon fabrikasi” bo‘lib qolmoqda: u yerda “aqlga sig‘adigan va sig‘maydigan” barcha narsa ishlab chiqariladi. O‘tgan yili mamlakatda kuniga 540 ming iPhone ishlab chiqarilar edi. Ushbu texnologiyalardan foydalangan holda ulkan tezlikda harbiy liboslardan tortib gaubitsalargacha bo‘lgan harbiy anjomlarni ishlab chiqarish qiyinchilik tug‘dirmaydi.
Xitoyning navbatdagi ustun jihati uning insoniy va kadr resursida ko‘rinadi. 2020 yilga kelib mamlakatda kollej bitirgan 195 mln odam bo‘ladi. Ularning barchasi ham ish topa olmasligi mumkin, ana o‘shanda Xitoy armiyasiga ularning bilimlari asqatadi. Yosh kadrlar, o‘z navbatida, qo‘shinlarning texnologik darajasini ko‘taradi.

To‘rtinchi tahdid sifatida Mizokami dengiz minalarini tilga oldi. Xitoy armiyasi nafaqat suv osti kemalari, balki dengiz aviatsiyasi yordamida ulkan hududlarga minalar o‘rnata oladi, bu esa AQSh flotiga jiddiy qiyinchiliklar tug‘diradi.

Nihoyat, beshinchi tahdidni Xitoy maxsus otryadlari tashkil etadi. Hozirlikda maxsus qo‘shinlar shaxsiy tarkibi 20-30 ming kishidan iborat. Xalq ozodlik armiyasi jangchilarining umumiy miqdori esa 3.2 mln kishiga yetadi. Hozirlikda Xitoy maxsus qo‘shinlari haqida ma'lumot kam, ammo kelajakda ular ko‘psonli va jiddiy kuchga aylanishi ehtimoli bor.