09:26 / 16.08.2015
4574

Samarqandda musiqa va she'riyat kechasi o‘tkazildi

Samarqanddagi “Yoshlik” madaniyat va istirohat bog‘ining yozgi teatrida “Samarqandning yulduzli osmoni ostida” nomli musiqa va she'riyat kechasi o‘tkazildi. Tadbir tashkilotchilari Amir Temur nomidagi madaniyat va istirohat markazi, Rus madaniy markazi viloyat bo‘linmasi hamda Samarqand shahar madaniyat va sport ishlari bo‘limi bo‘ldi, deb xabar berdi 12news.
Dasturning faxriy mehmoni sifatida shaharga rossiyalik shoira Irina Alekseyeva tashrif buyurdi.
Tadbirni Rus madaniy markazi viloyat bo‘linmasi raisi Yuriy Ognyov ochib berdi.
Shundan so‘ng so‘z navbatini olgan Alekseyeva shaharliklarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan tabrikladi. Uning qalami ostidan chiqqan she'rlar turli tillarda o‘qildi. Jumladan, “Samarqand madhi” rus, o‘zbek, tojik, ozarbayjon, ukrain, ingliz va esperanto tillarida jarangladi. “Samarqand noni haqida ballada” Bahodir Habibov tarjimasida o‘zbek tilida o‘qildi.
Samarqandlik xonandalar Aleksandr Kalujin, Anastasiya Stepanova, Tatyana Buklovskaya va Matvey Usakovskiy o‘z qo‘shiqlari bilan tadbirda ishtirok etishdi.
Ta'kidlash joizki, tadbir “Go‘zallik dunyoni qutqaradi” loyihasi doirasida BMTning madaniyatlar jipslashuvi o‘n yilligi (2013-2022) dasturiga ko‘ra o‘tkazildi.

Top