18:37 / 17.08.2015
3620

AQShda Morgan Frimenning nabirasini o‘ldirib ketishda gumon qilinayotgan erkak qo‘lga olindi

Nyu-York politsiyasi I’Dena Xaynsni o‘ldirishda gumon qilinayotgan erkakni qo‘lga oldi. The Daily Mail gazetasining ma'lum qilishicha, gumondor qiz bilan uchrashib yurgan yigitdir.
30 yoshli Lamar Devenport reper va havaskor aktyor sifatida ma'lum. U giyohvand moddalar iste'mol qilgani bois bir necha bor politsiya diqqatini o‘ziga tortgan. Xususan, u bir necha bor mayda o‘g‘rilikda va marixuana saqlaganlikda ayblanib hibsga olingan. Taxmin qilinishicha, jinoyat sodir etayotgan poytda Lamar kokain ta'sir ostida bo‘lgan.

Gumondor tibbiy markazga olib kelindi. Bu yerda u psixiatriya tekshiruvidan o‘tkaziladi, so‘ng politsiya tomonidan so‘roq qilinadi.
I’Dena Xayns 16 avgust kuni tunda o‘ldirib ketildi. Guvohning ma'lum qilishicha, yigit 33 yoshli qizga tashlanib, “Iblislar, yo‘qoling! Iso Masih nomi bilan sizlarni quvib chiqaraman!” deb qichqirgan va qizni pichoqlab tashlagan.

Pichoqdan 16ta zarba yegan qiz Garlem shifoxonalaridan biriga olib kelindi, ammo uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi.

Xayns xonim taniqli Hollivud aktyori Morgan Frimenning o‘gay nabirasi bo‘ladi. U Frimenning birinchi rafiqasi – Janett Bredshouning nabirasidir. Frimen va Bredshoularning nikohi 1979 yili bekor qilingan.

Top