14:25 / 17.08.2015
5484

Iqbol Mirzo ovoz yozish studiyalarini “O‘zbeknavo”ga biriktirishni taklif qildi

O‘zbekiston xalq shoiri, Oliy Majlis senati a'zosi Iqbol Mirzo ovoz yozish studiyalarini “O‘zbeknavo”ga biriktirishni taklif qildi. Endilikda ular ham ushbu birlashma litsenziyalari asosida ishlashi kerakligi ta'kidlandi. Bu haqda “Darakchi” gazetasi xabar qilmoqda.

“Ovoz yozish studiyalarini “O‘zbeknavo” estrada birlashmasiga biriktirilsa, ularga ham litsenziya berilsa, maqsadga muvofiq bo‘larmidi, deb o‘ylayman, – dedi shoir. – Chunki xonandalar anchagina pul sarflab, qo‘shiq yozdiradi va badiiy kengashga olib keladi. Qo‘shiq yaroqsiz, saviyasiz deb topilsa, qo‘shiqchilar shuncha pulga kuyib qolmasligi uchun ham shunday qilish kerak, menicha. Shundagina qo‘shiq “onadan” sog‘lom bo‘lab tug‘iladi”.
Shoirning fikricha, bu ijod erkinligini chegaralash bo‘lmaydi:
“Aksincha, boshidan to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, chinakam badiiy kengash bo‘ladi. Axir birgina Toshkentda qancha studiya bor? Saviyasizlikni, bugun tinglovchilarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘layotgan holatlarni shu yo‘l bilan bartaraf qilmasak, boshqa bilan bartaraf etib bo‘lmaydi”.

“Ilgari xonandalar qo‘shiqning so‘zlarini buzib aytishsa, hayron qolardik, – qo‘shimcha qildi Iqbol Mirzo, – bugun esa qo‘shiqning so‘zlarini to‘g‘ri aytadigan san'atkorni ko‘rsak, qoyil qolyapmiz”.

Top