O‘zbekiston | 18:24 / 17.08.2015
3178
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent-4 terminali 2020 yilda ishga tushadi

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi 2019 yil so‘ngiga qadar Toshkent shahridagi xalqaro aeroportda yangi yo‘lovchi terminali (Toshkent-4)ni ishga tushirishini ma'lum qildi.

Kompaniya press-relizida keltirilishicha, yangi terminal Janubiy Koreya bilan hamkorlikda bunyod etiladi va O‘rta Osiyodagi eng zamonaviysi bo‘ladi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi bosh direktori Valeriy Tyanning qayd etishicha, mazkur loyiha tashabbuskori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov bo‘lib, yangi terminalni ishga tushirish bo‘yicha aniq muddatlarni belgilab berdi.

Islom Karimov, shuningdek, yangi terminal dunyoning eng yaxshi standartlariga mos kelishi va 30-50 yil xizmat ko‘rsatish istiqboliga ega bo‘lish vazifasini qo‘ygan. Tyanning so‘zlariga ko‘ra, bu keng ko‘lamli loyiha bo‘lgani bois uni amalga oshirishga O‘zbekistonning 10dan ziyod muassasasi jalb etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) yangi Toshkent-4 yo‘lovchi terminalini qurishdagi texnik-moliyaviy asoslarni ishlab chiqish borasida dastlabki izlanishlarni o‘tkazish uchun O‘zbekistonga o‘z mutaxassislarini yuborgan edi.

KOICA ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Janubiy Koreya loyiha bo‘yicha hukumatlaro kelishuvni 2015 yilning sentabr oyida imzolaydi. Shundan so‘ng loyihaning texnik-moliyaviy asoslarini ishlab chiqish uchun ijrochilar tayinlanib, kelgusi yil avvalidan texnik-moliyaviy asoslarni ishlab chiqishga start beriladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish