O‘zbekiston | 08:34 / 17.08.2015
2343
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 2022 yilga qadar 1000 lift almashtiriladi

Toshkentda 2016-2021 yillarda shahar byudjyeti mablag‘lari hisobidan ko‘p qavatli turar-joy binolarida 1000 ta liftni almashtirish rejalashtirilmoqda, deb ma'lum qilinmoqda gazeta.uz saytida. Liftlarni almashtirish dasturi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 10 avgustdagi qarori bilan tasdiqlandi. Dasturdan maqsad aholining yashashi uchun qulay va xavfsiz sharoitlarni yaratish va avariyali holatlarning oldini olishdan iborat.    

Loyihaning dastlabki qiymati 85,769 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Bunda bir lift qurilmasi uchun 85,769 mln so‘m sarflash nazarda tutilgan. Yakuniy qiymat yana aniqlashtiriladi. Liftlarni qaysi kompaniya yetkazib berishi haqida ma'lumot berilmagan.

Dasturga ko‘ra, Bektemir tumanida 18 ta lift, v Mirobodda – 83 ta, Mirzo-Ulug‘bekda – 136 ta, Olmazorda – 62 ta, Sirg‘alida – 130 ta, Uchtepada – 40 ta, Chilanzorda – 131 ta, Shayxontohurda – 114 ta, Yunusobodda – 121 ta, Yakkasaroyda – 58 ta va Yashnobod tumanida 107 ta lift almashtirish rejalashtirilgan.

Tumanlar kesimida liftlar almashtirilishining manzilli dasturlari hamda loyiha-smeta hujjatlari shahar hokimiyati tomonidan turar-joy binolari inventarizatsiyadan o‘tkazilgandan keyin tasdiqlanadi. Hokimiyat liftlarning almashtirilishini nazorat qilib boradi va har chorakda dasturning amalga oshirilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga hisobot berib boradi.  

Amalga oshirilayotgan ishlarning sifati va shaharsozlik me'yorlariga rioya qilinishini nazorat qilish Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga yuklandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish