Jahon | 15:30 / 17.08.2015
2297
1 daqiqa o‘qiladi

Turkiya bosh vaziri koalitsion hukumat tuzishga oxirgi marta harakat qilib ko‘radi

Turkiya bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li Milliy harakat partiyasi yetakchisi Davlat Boxchali bilan uchrashuv o‘tkazib, koalitsion hukumat tuzish masalasida muzokara olib boradi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar bermoqda.

13 avgust kuni Dovudo‘g‘li Xalq respublikachi partiyasi yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘li bilan oxirgi uchrashuvni o‘tkazdi, ammo muzokaralar biror natija bermadi. Shundan so‘ng bosh vazir mamlakatda muddatdan ilgari saylovlar o‘tkazilishini ma'lum qildi.

Bosh vazir yetakchiligidagi Adolat va taraqqiyot partiyasi hamda muxolif Xalq respublikachi partiyasi o‘rtasidagi muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugaganidan so‘ng Boxchali hukmron partiya milliy harakat shartlarini qabul qilgan taqdirda koalitsion hukumat tuzishga rozi bo‘lishini ma'lum qildi.

Milliy harakat partiyasining asosiy shartiga ko‘ra, prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakat siyosatiga aralashmasligi kerak.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish